O‘zbekiston-Xitoy kasbiy ta’lim alyansining ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston-Xitoy ikkinchi ta’lim forumi doirasida tashkil etilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy ta’lim agentligi direktori Azimjon Husanov, O‘zbekiston-Xitoy kasbiy ta’lim alyansi kotibi Hugo Fu, shuningdek, Xitoy va O‘zbekistonning texnika yo‘nalishidagi yetakchi kasbiy ta’lim muassasalari rahbarlari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda tomonlar kasbiy ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, ta’lim jarayoniga ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish, zamonaviy kasblar bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish masalalarini muhokama qildilar.
Kasbiy ta’lim agentligi direktori Azimjon Husanov o‘z ma’ruzasida O‘zbekistonda kasbiy ta’lim sifatini oshirish, xalqaro standartlarga mos o‘quv dasturlarini joriy etish hamda raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida to‘xtalib o‘tdi:
“Bugungi kunda mamlakatimizda ta’lim sifatini yaxshilash, zamonaviy kasblar bo‘yicha tayyorgarlikni kengaytirish va o‘quv dasturlarini xalqaro mezonlarga moslashtirish borasida tizimli islohotlar jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Respublikamizdagi 598 ta texnikumda 370 ta kasb yo‘nalishi bo‘yicha 442 mingdan ortiq o‘quvchi tahsil olmoqda. Shu bilan birga, 47 ta texnikumda Buyuk Britaniyaning Pearson, Saudiya Arabistonining ACWA Power, Shveysariyaning Globogate, Germaniyaning Avestos va BSW kompaniyalari bilan hamkorlikda xalqaro o‘quv dasturlari asosida kadrlar tayyorlanmoqda.”
Shuningdek, O‘zbekiston va Xitoyning kasbiy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion yondashuvlarga asoslangan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va o‘quvchilar uchun amaliyot dasturlarini kengaytirish borasida o‘zaro fikr almashdilar.
Tadbir yakunida tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida kasbiy ta’lim sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, o‘quv jarayonini ishlab chiqarish bilan integratsiyalash, shuningdek, o‘qituvchilar malakasini oshirish va qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni belgilab oldilar.
Ma’lumot uchun: 2024-yilda tashkil etilgan O‘zbekiston-Xitoy kasbiy ta’lim alyansi tarkibiga O‘zbekiston tomonidan 23 ta texnikum, Xitoy tomonidan esa 128 ta kollej va 9 ta yetakchi kompaniya a’zolikka qabul qilingan. Alyansning asosiy maqsadi – ikki mamlakat o‘rtasida kasbiy ta’lim sohasida barqaror hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, innovatsion kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish va yoshlar bandligini ta’minlashdan iboratdir.