O‘zbekiston–Xitoy ikkinchi ta’lim forumi rasman ochildi

Bugun Toshkent shahrida O‘zbekiston–Xitoy ikkinchi ta’lim forumi o‘z ishini tantanali ravishda boshladi. Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Xitoy Xalq Respublikasi Ta’lim vaziri Huai Jin peng hamda Xitoyning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Wang Ji wei kirish so‘zlari bilan ishtirok etdilar.

Ochilish nutqlarida vazirlar ikki mamlakat o‘rtasida oliy ta’lim, fan, innovatsiyalar, kasbiy tayyorgarlik va xorijiy tillarni o‘qitish yo‘nalishlarida hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini alohida qayd etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov o‘z nutqida shunday dedi:
“Bugungi forum O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishiga, ta’lim hamda ilm-fan sohalari esa ikki davlat strategik sherikligining mustahkam poydevoriga aylanishiga ishonaman. Ushbu tadbir natijalari amaliy hamkorlik, o‘zaro ishonch va yangiliklarga ochiq ta’lim makonini shakllantirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.”

Xitoy Xalq Respublikasi Ta’lim vaziri Xuay Szinpen o‘z chiqishida O‘zbekiston va Xitoy universitetlari o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda barqaror va izchil rivojlanayotganini ta’kidladi.

“Bugungi kunda Shimoli-g‘arbiy Qishloq xo‘jaligi va o‘rmonchilik universitetining Toshkent filiali bir yildan buyon faoliyat yuritmoqda. Hozirda ushbu filialda 50 dan ortiq talaba tahsil olmoqda. Shu bilan birga, Xitoy tomoni O‘zbekistonga 30 dan ziyod malakali o‘qituvchilarni yuborgan,” – dedi Xuay Szinpen.

U, shuningdek, raqamli ta’lim sohasida hamkorlikni kengaytirish zarurligini ta’kidlab, Xitoy o‘zining ilg‘or raqamli ta’lim konsepsiyasi va resurslarini O‘zbekiston bilan o‘rtoqlashishga tayyor ekanini bildirdi. Shuningdek, O‘zbekistonni “Jahon raqamli ta’lim alyansi” va “Jahon MOOCs va onlayn resurslar alyansi” kabi Xitoy tashabbusi asosida tashkil etilgan xalqaro platformalarda faol ishtirok etishga chorlab o‘tdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, bugungi kunda O‘zbekistonning 23 ta oliy ta’lim muassasasida 2 725 nafar talaba 38 yo‘nalish bo‘yicha xitoy tilini o‘rganmoqda. Shu bilan birga, Xitoy Xalq Respublikasida 7 000 dan ortiq o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda. So‘nggi uch yil davomida 500 dan ziyod talaba va o‘qituvchilar xitoy tili va madaniyatini chuqur o‘rganish uchun grant asosida Xitoyga yuborilgan.

Shuningdek, ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida 29 ta qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu o‘zaro hamkorlikning amaliy samarasini yaqqol namoyon etmoqda.

Tadbir doirasida vazirlar huzurida ikki mamlakat universitetlari vakillari bilan oliy ta’lim, fan va innovatsiya yo‘nalishlarida qo‘shma loyiha hamda dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha imzolagan bitim va memorandumlarini o‘zaro almashdilar.

Ochilish marosimidan so‘ng forum o‘z ishini sho‘ba yig‘ilishlari bilan davom ettirmoqda. Unda ta’lim tizimini raqamlashtirish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga joriy etish, o‘qituvchilar malakasini oshirish va talaba almashinuv dasturlarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilinmoqda.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube