Yangiliklar

Университетнинг 1-сонли талабалар турар жойида истиқомат қилувчи 4 та қават қизлари ўртасида Ўзбекистон халқ шоираси Зулфияхоним таваллуд кунига бағишлаб “Санамлар сарвари” мавзусида кўрик-танлов бўлиб ўтди.
Танлов 5 та шарт асосида ташкил этилди. Жумладан, Таништирув, баҳорий салат тайёрлаш, савол-жавоб, Зулфия ижодига боғлиқ сўзлардан иборат 20 та сўз асосида шеър тўқиш ва эркин мавзу асосида томошабинлар эътиборига ҳавола этиш шартларини қизлар моҳирлик билан адо этишди.
Танлов натижасига кўра, инглиз тили учинчи факультети талабаси Исаева Дилшода 1-ўринни, инглиз тили иккинчи факультети талабаси Кўйчиева Азиза 2-ўринни, инглиз тили иккинчи факультети талабаси Юлдашева Мумтозалар қўлга киритишди.
Энг қизиғи, мазкур танловда ҳакамлар ҳайъати талабалар турар жойида истиқомат қилувчи талаба-йигитлар бўлишди.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rahbariyati bilan oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan ochiq muloqotlar vaqtida talabalardan tushgan taklif asosida respublikaning barcha hududlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘langan holda turli fanlar bo‘yicha olib boriladigan akademik soatlar tashkil etish yo‘lga qo‘yildi.
Ana shunday darslardan dastlabkisi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining tashabbusi bilan 2018 yil 9 mart kuni soat 10.30 da Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining tajribali professor-o‘qituvchilari tomonidan “Hozirgi o‘zbek yozuvining dolzarb muammolari” mavzuida o‘tkazildi.
Tadbirda respublikamizning barcha hududlaridagi o‘zbek tili va adabiyoti ta’lim yo‘nalishi mavjud bo‘lgan oliy ta’lim muassasalarining “Filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili)” ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talaba-yoshlar va mutaxassislar ishtirok etdi.
Akademik soat Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining professor-o‘qituvchilari Saodat Muhammedova va Abdulhay Sobirovlar tomonidan olib borildi.
Ma’ruzachilar tomonidan 1993 yilda qabul qilingan hamda 1995 yilda ayrim o‘zgartirishlar kiritilgan “Lotin yozuvchiga asoslangan o‘zbek alifbosi”, unga asoslagan imlo qoidalari, o‘zbek yozuvi tarixi va uning bugungi kundagi holati haqida qiziqarli ma’lumotlar keltirildi. Ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat ko‘rsatayotgan “Ona tili jonkuyarlari” guruhi faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar tinglovchilarga yetkazildi.
Respublikamizning shahar va ko‘chalaridagi turli tillarda yozilgan yozuvlar, telefon va internet yozishmalari, ulardagi xatoliklar, alifboga o‘zgartirishlar kiritish yoki kiritmaslik, o‘zbek tilining mashinaviy tilini yaratish bilan bog‘liq muammolar o‘rtaga tashlandi va qizg‘in muhokama qilindi.
Akademik soat davomida talabalarning savollariga javoblar berildi va hududlardagi yoshlarning fikr-mulohazalari tinglandi.
Vazirlik tomonidan bundan buyon boshqa fanlardan ham mana shunday qiziqarli videodarslar doimiy ravishda o‘tkazib borilishi belgilab qo‘yildi.
Manba: Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi Axborot xizmati

Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida uch kun davom etuvchi “Ta’lim va mutaxassislik 2018” XVIII xalqaro an’anaviy ko‘rgazmasi ish boshladi. Ko‘rgazmaga umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollej va akademik litsey o‘quvchilari, abituriyentlar, talabalar va ularning ota-onalari, o‘quv muassasalarining vakillari tashrif buyurdilar.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari hamkorligida o‘tkazilayotgan ushbu ko‘rgazmada mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalari, xorijdagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari va ularning O‘zbekistondagi filiallari, nodavlat ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etmoqda.
Bu galgi ko‘rgazma ham mamlakatimiz hamda dunyodagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridagi kasb va mutaxassislik yo‘nalishlari va davlatimiz tomonidan ta’lim sohasida yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar bilan tanishtirish, ularning kasb tanlashlariga yordamlashish, bo‘sh ish o‘rinlari haqida yoshlarga ma’lumot berish maqsadida tashkil etildi.
Tadbirga tashrif buyurgan ko‘plab xalqaro tashkilotlarning vakillari hamda mamlakatimizdagi chet elchixonalari rahbarlari ko‘rgazmaga yuqori baho berdilar. Xususan, Latviya Respublikasi, Germaniya Federativ Respublikasi hamda Belarus Respublikasining yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchilari va Toshkentdagi Britaniya Kengashi raisi ochilish marosimida o‘z ma’ruzalari bilan chiqish qildilar.
Bu tadbirda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti ham munosib ishtirok etmoqda va kelgusida aynan mazkur universitetda talaba bo‘lish istagida bo‘lgan ko‘plab o‘quvchi yoshlarga universitet haqida ma’lumot bermoqda.
Manba fledu.uz

Ўзбекистон Республикаси Президентининг 2018 йил 3 февралдаги «Ўзбекистон Республикаси туризм салоҳиятини ривожлантириш учун қулай шарт-шароитлар яратиш бўйича қўшимча ташкилий чора-тадбирлар тўғрисида»ги ПФ-5326-сон Фармони ижросини таъминлаш, шунингдек, ҳудудларни барқарор ижтимоий-иқтисодий ривожлантиришнинг энг муҳим омилларидан бири сифатида ички туризмни жадал ривожлантириш, фуқароларни мамлакатимизнинг маданий-тарихий мероси ҳамда табиий бойликлари билан таништириш мақсадида Ўзбекистон давлат жаҳон тиллари университети инглиз тили биинчи факультети томонидан Наврўз байрами арафасида Тошкент вилоятида жойлашган Занги Ота зиёратгоҳига талабалар ва профессор ўқитувчиларнинг ташрифи амалга оширилди. Талабаларнинг дарсдан бўш вақтларини мазмунли ташкил этиш ҳамда уларни ўлкамиздаги тарихий обидалар, муқаддас қадамжолар тарихи билан таништириш мақсадида уюштирилган ушбу саёҳатдан талабалар кўплаб маълумотлар олиш баробарида маънавий озуқа билан қайтдилар.
Талабаларга Занги Ота ҳамда у кишининг аёллари Анбар она ҳақида маъулмотлар берилди, зиёратгоҳнинг барпо этилиш арихи, унинг қайта реконструкция қилиниши ҳақида қизиқарли фактлар айтиб ўтилди. Шунингдек, зиёрат одоби ҳақида Занги Ота зиёратгоҳи ходимлари талабаларга тушунтириш бериб ўтдилар.