Koreya Respublikasi OTMlari bilan hamkorlikni kengaytirish uchun yana bir qadam
15-iyul kuni O‘zDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov Koreyaning Cheju milliy universiteti Koreya liderlik jamiyati prezidenti, Iqtisodiyot va biznes kolleji dekani, Biznes boshqaruvi maktabi rahbari Kim Jeong Hoon hamda ushbu universitet Sanoat-Akademik Hamkorlik fondi rahbari, professor Kim Kyung Chulni qabul qildi.
Muloqot chog‘ida mehmonlarga O‘zDJTU faoliyati, xalqaro reytinglardagi o‘rni, universitetda koreys tilining o‘qitilishi va Koreya OTMlari bilan hamkorlik to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi hamda O‘zDJTU haqida ingliz tilidagi videorolik namoyish etildi.
O‘z navbatida, Kim Jeong Hoon ham Cheju milliy universiteti haqida qisqacha ma’lumot berdi va ushbu universitet faoliyatiga oid qisqa videorolikni namoyish etdi.
Kim Jeong Hoon I. Tuxtasinovni Koreyaga taklif qilib, har ikkala universitet o‘rtasida hamkorlik shartnomasini imzolash, shuningdek koreys va ingliz tili bo‘yicha talaba, o‘qituvchi va doktorantlar almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish, Cheju milliy universiteti professor-o‘qituvchilarini dars berish uchun O‘zDJTUga yuborishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildi.
Aniq tashabbus sifatida Cheju milliy universitetining Sanoat-Akademik Hamkorlik fondi moliyaviy ko‘magida O‘zDJTUning 30 nafar talabasi uchun qisqa muddatli o‘quv va madaniy-ma’rifiy dastur tashkil qilish uchun grant ajratish, Sun’iy intellektni ta’lim sohasiga tatbiq etishga ixtisoslashgan EduAIcon Inc. kompaniyasi mablag‘lari hisobidan O‘zDJTU koreys tili guruhi talabalari uchun sun’iy intellektga asoslangan elektron ta’lim platformasini taqdim etilishini aytib o‘tdi.
Ikkinchi taklif bo‘yicha I. Tuxtasinov EduAIcon Inc. kompaniyasi ijrochi direktori tomonidan taqdim etilgan Anglashuv memorandumini imzoladi.
Mazkur kelishuvga binoan, O‘zDJTU talabalari 2026-yil 31-dekabrga qadar platformadan bepul foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.
I. Tuxtasinov O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy qilish, O‘zDJTU ingliz va koreys tili o‘qituvchilari uchun Cheju milliy universitetida malaka oshirish kurslari va stajirovka dasturlarini tashkil qilish, ilmiy sohada hamkorlik, xususan ilmiy ishlarga qo‘shma rahbarlik, o‘zaro taqrizlar berish, nufuzli, indekslangan jurnallarda ilmiy maqolalar chop etish, Sanoat-Akademik Hamkorlik fondi moliyaviy ko‘magida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy-amaliyloyihalarni amalga oshirish, koreyalik talabalarni O‘zDJTUda bakalavriat, magistratura va doktoranturada o‘qish uchun jalb qilish, talabalar uchun amaliyot va stajirovka dasturlari hamda qishki va yozgi lagerlar tashkil qilish borasidagi takliflarini ilgari surdi.
Asosiy e’tibor Kim Jeon Hoon rahbarlik qiladigan fakultetdagi magistratura MBA mutaxassisligi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturni yo‘lga qo‘yishga qaratildi.
Rektor I. Tuxtasinov barcha muhokama qilingan masalalar va erishilgan kelishuvlar bo‘yicha Yo‘l xaritasini tayyorlash va uning asosida aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligini ta’kidlab o‘tdi.
Har ikki tomon o‘zaro manfaatli hamkorlikni amalgaoshirishga tayyor ekanligini bildirdi.
Ma’lumot uchun:
Cheju milliy universiteti 1952-yilda tashkil etilgan Hozirgi kunda ushbu oliygohdinamik ravishda rivojlanib borayotgan Koreyadagi 10 ta milliy universitetdan biridir. Ushbu oliygohda 13 ta fakultet va 79 ta kafedra faoliyat ko‘rsatadi. Professor-o‘qituvchilar soni 700 nafardan ortiq bo‘lib, 10 000 bakalavriat dasturlari talabalari va 2 000 dan ortiq magistratura mutaxassisligi va doktorantura ixtisosligi talabalari tahsil oladi.