Qozog‘istonning Taldiqo‘rg‘on viloyatidagi I. Jansug‘urov nomidagi Jetisu universiteti delegatsiyasi O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida
2025-yil 30-may kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetiga Qozog‘istonning Jetisu universiteti delegatsiyasi tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibida universitetning Yoshlar siyosati va ijtimoiy masalalar bo‘yicha prorektori Bolat Abduldauli hamda Huquqshunoslik fakulteti dekani ishtirok etdi.
Tadbirda O’zDJTU Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori A. Nasirov mehmonlarga O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining faoliyati, xalqaro hamkorlik aloqalari va so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Uchrashuvda fakultet rahbariyati vakillari, Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar kafedrasi mudiri Saida Yuldashbekova ishtirok etdi va ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Jumladan, talaba va o‘qituvchilar almashinuvi, xalqaro anjuman va seminarlarda ishtirok etish, ma’ruzalar o‘qish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, ilmiy ishlarga rahbarlik va taqrizlar tayyorlash, shuningdek Jetisu universiteti talabalari uchun amaliyot dasturlari va yozgi maktablar tashkil qilish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Shunindek, mehmonlar fakultetdagi Teleradio studiya faoliyati bilan tanishishdi.
Tadbir yakunida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.