Dalyan politexnika universitetiga jo‘nab ketadigan talabalar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Xitoyning nufuzli Dalyan politexnika universitetiga tahsil olish uchun yo‘l oladigan talabalar bilan rasmiy uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv davomida universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov talabalar bilan ochiq va samimiy muloqot qilib, ularni chet elda ham Vatan sha’nini munosib himoya qilishga, bilim va ko‘nikmalarini yanada chuqurlashtirib, kelajakda yurt ravnaqiga hissa qo‘shishga chorladi. Shuningdek, xorijiy ta’lim jarayonidagi imkoniyatlar, madaniy moslashuv, tilni mukammal o‘zlashtirish va xalqaro doiradagi tajribani orttirish kabi masalalar yuzasidan tavsiyalar berildi.
Dastur davomida xalqaro aloqalar boʻyicha prorektor A. Nasirov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yoʻldoshev hamda Sharq filologiyasi fakulteti dekani D.Djurayev ham talabalarni kutayotgan o‘quv jarayoni, talablar va shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berib, qiziqtirgan savollarga javob berdilar.
Uchrashuv iliq va ko‘tarinki ruhda o‘tdi va bu talabalar o‘z oldilariga qo‘ygan maqsadlarni yanada aniq belgilab olishlari uchun muhim rag‘bat bo‘ldi.