OʻzDJTU delegatsiyasi Nobel mukofoti sovrindori bilan uchrashdi

Avval xabar berganimizdek, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti vakillari Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan “Silk Road Universities Network 10th Assembly” anjumanida ishtirok etishmoqda. Kunning ikkinchi yarmida tadbirlar doirasida OʻzDJTU delegatsiyasi xalqaro taʼlim hamkorligini mustahkamlash yoʻlida qator samarali uchrashuvlar oʻtkazdi.

Mazkur discussion panel davomidagi muloqotlar OʻzDJTU delegatsiyasi uchun ayniqsa sermazmun boʻldi. Delegatsiya a’zolari Canadian University in Dubai vakillari bilan uchrashib, ikki oliygoh oʻrtasida ilmiy-akademik aloqalarni yanada kengaytirish istiqbollarini muhokama qilishdi.

 

 

Muloqot chogʻida Canadian University in Dubai akademik ishlar boʻyicha prorektori, Dr. Adam Fenech bilan iliq va samimiy suhbat boʻlib oʻtdi. Dr. Fenech — iqlim oʻzgarishi sohasidagi tadqiqotlari bilan tanilgan olim, 2007-yilda Tinchlik boʻyicha Nobel mukofoti bilan taqdirlangan IPCC (Intergovernmental Panel on Climate Change) jamoasining a’zosi hisoblanadi.

Uchrashuv davomida professor Fenechning OʻzDJTUda qisqa muddatli tashrif doirasida seminar-treninglar, mahorat darslari va ilmiy chiqishlar oʻtkazishi yuzasidan kelishuvga erishildi.

Tadbir yakunida OʻzDJTU rektori, professor Ilhomjon Tuxtasinov tomonidan Dr. Adam Fenech’ga universitet nomidan esdalik sovgʻalari taqdim etildi. Ushbu ramziy tuhfa ikki oliygoh oʻrtasidagi doʻstlik va oʻzaro ishonch ramzi sifatida qabul qilindi.

Mazkur uchrashuv OʻzDJTUning xalqaro nufuzini yanada oshirish, ilgʻor xorijiy tajriba va innovatsion yondashuvlarni oʻzbek taʼlim tizimiga tatbiq etish, shuningdek, talabalarga jahon miqyosida tan olingan olimlardan bevosita saboq olish imkoniyatini yaratish yoʻlidagi muhim qadamlardan biridir.

 

 

Samarqandda boshlangan bu muloqot — ilm, hamkorlik va doʻstlik qadriyatlariga asoslangan xalqaro taʼlim maydonining navbatdagi yorqin sahifasidir.

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube