O‘zDJTU delegatsiyasining Germaniyaga xizmat safari doirasida Hamburg universitetida muzokaralar o‘tkazildi. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori I. Tuxtasinov Germaniya Federativ Respublikasiga xizmat safari doirasida 21-noyabr kuni Hamburg universitetiga tashrif buyurdi.
Mazkur universitet rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Muzokaralar konstruktiv va samarali ruhda kechib, tomonlar uchun manfaatli bo‘lgan qator tashabbuslar ko‘rib chiqildi. Jumladan, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, talaba, ilmiy tadqiqotchilar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish kabi akademik hamkorlikni kengaytirish masalalari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Uchrashuv yakunida O‘zDJTU va Hamburg universiteti rahbarlari tomonidan Anglashuv memorandumi imzolandi. Delegatsiya vakillarining Hamburg universiteti fakultetlari va ilmiy markazlari faoliyati bilan tanishuvi davom etmoqda.
Ushbu tashrif O‘zDJTUning Germaniya oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun:
Hamburg Universiteti (University of Hamburg) Germaniyaning eng muhim va nufuzli davlat universitetlaridan biri bo‘lib, Times Higher Education (THE) reytingida 132-o‘rinni egallagan. Universitet 1919-yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirda 8 ta asosiy fakultet — huquq, iqtisod va ijtimoiy fanlar, tibbiyot, ta’lim, gumanitar fanlar, matematika va tabiiy fanlar, psixologiya va boshqalar faoliyat ko‘rsatadi.
Talabalar soni taxminan 44 000 nafar, universitetda 718 nafar professor ishlaydi.
80 ta bakalavriat va 98 ta magistratura dasturi mavjud bo‘lib, 20 ta dastur ingliz tilida olib boriladi.