O‘zDJTUda “Rektor va talabalar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi
17-sentabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Rektor va talabalar uchrashuvi” tashkil etildi.
Uchrashuvda universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov Ingliz tili 2-fakulteti birinchi bosqich talabalari bilan samimiy suhbat o‘tkazib, ularni yangi o‘quv yili bilan tabrikladi. Rektor talabalarga universitetdagi sharoitlar, ilmiy va ma’naviy imkoniyatlar, xalqaro hamkorlik dasturlari haqida ma’lumot berdi va yoshlarni bilimli, izlanuvchan hamda vatanparvar bo‘lishga chorlab, ularga muvaffaqiyat tiladi.
Shuningdek, Ingliz tili 2-fakulteti dekani Zokir Bazarov ham so‘zga chiqib, fakultet faoliyati, o‘quv jarayoni va talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar haqida to‘xtaldi. U talabalarni tashabbuskor bo‘lishga chaqirib, ularning savollariga javob berdi.
Tadbirda universitet prorektorlari va rahbariyat vakillari ham ishtirok etib, birinchi bosqich talabalari uchun muhim maslahat va tavsiyalar berdilar. Mazkur uchrashuv esa ular uchun nafaqat yangi ma’lumotlar manbai, balki universitet hayotiga tezroq moslashishda muhim qo‘llanma bo‘ldi.