Dubaydagi xalqaro fransuz litseyi delegatsiyasi O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida
Bugun O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga xalqaro aloqalar loyihalari doirasida Dubay shahrida joylashgan Jorj Pompidu nomidagi xalqaro fransuz litseyining 4 nafar o‘qituvchisi va 45 nafar o‘quvchisidan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.
Tashrif davomida xorijlik mehmonlar universitetda fransuz tili yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar va talabalar hamrohligida ta’lim jarayoni, o‘quv binolari, Axborot-resurs markazi, sport maydonlari kabi infratuzilma bilan yaqindan tanishdilar. Delegatsiya a’zolari talabalar uchun yaratilgan sharoitlarga yuksak baho berdilar.
Shundan so‘ng universitet faollar zalida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov va xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor Abduraxim Nasirov ishtirokida mehmonlar bilan muloqot tashkil etildi. Rektor Ilxomjon Tuxtasinov mehmonlarga universitetda keyingi yillarda xalqaro hamkorlik yo‘nalishida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, akademik almashinuv dasturlari va talabalar amaliyotlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Uchrashuv doirasida litsey o‘quvchilari universitet talabalari bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Ta’kidlash joizki, Jorj Pompidu nomidagi xalqaro fransuz litseyi har yili O‘zbekistonga o‘z o‘quvchilari uchun madaniy-ma’rifiy sayohatlarni tashkillashtirib kelmoqda. Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, litsey o‘quvchilari va o‘qituvchilarining universitetga tashriflarini ko‘paytirish, shuningdek, universitet talabalari uchun Dubay shahrida qisqa muddatli amaliyotlar tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.