Indoneziya Ta’lim akkreditatsiya kengashi ekspertlari O‘zDJTUdagi baholash ishlarini davom ettirmoqda
3-iyun kuni Indoneziya Ta’lim akkreditatsiya kengashi ekspertlari O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida o‘z faoliyatini davom ettirdi.
Tashrif doirasida ekspertlar universitet talabalari bilan muloqot o‘tkazib, ularning bilim va ko‘nikmalari, dunyoqarashi va ijodiy fikrlash darajalarini yuqori baholadilar. Shuningdek, O‘zDJTU bitiruvchilari bilan tashkil etilgan uchrashuv ham mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Jumladan, Germaniya, Buyuk Britaniya kabi xorijiy davlatlarda mehnat faoliyatini olib borayotgan bitiruvchilar bilan Zoom platformasi orqali jonli muloqot o‘tkazildi.
Navbatdagi suhbat Toshkent shahridagi umumta’lim va ixtisoslashtirilgan maktablar, shuningdek, Canadian School, Til va ta’lim markazlari hamda “G‘alaba bog‘i” rahbarlari bilan tashkil etildi. Ular tomonidan O‘zDJTU bitiruvchilarining kasbiy tayyorgarligi, bilim saviyasi va amaliy ko‘nikmalari yuqori baholandi. Xususan, universitetda tayyorlanayotgan chet tillari o‘qituvchilarining mehnati samarasi o‘laroq, maktab o‘quvchilari respublika va xalqaro olimpiadalarda yetakchi o‘rinlarni egallab kelayotgani, Prezident, hukumat va vazirliklar tomonidan ta’sis etilgan mukofot va pul mablag‘larini qo‘lga kiritayotgani alohida ta’kidlandi.
Baholash ishlari davomida ekspertlar 1-, 2- va 3-Ingliz tili fakultetlariga tashrif buyurib, dars mashg‘ulotlarini kuzatdilar. Universitetning tajribali va malakali professor-o‘qituvchilari tomonidan tashkil etilgan ochiq darslar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.