O‘zbekiston – Yaponiya hamkorligida yangi bosqich
1-oktabr kuni, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri tarkibidagi delegatsiya Tokio shahridagi Meiji universiteti rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Delegatsiya a’zosi, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinovni Meiji universiteti prezidenti Takashi Yanagiya hamda umumiy ishlar bo‘yicha direktor Kishigami Kenji samimiy kutib oldi. Uchrashuv avvalida ikki oliygoh faoliyati, talabalarga yaratilgan sharoitlar va ilmiy salohiyat haqida ma’lumot berildi.
Muloqot chog‘ida talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, O‘zDJTUga yapon tili o‘qituvchilarini yuborish, talabalarga grantlar ajratish, ilmiy-tadqiqot sohasida qo‘shma faoliyat yuritish kabi masalalar muhokama qilindi.
Tomonlar kelgusida o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.