O‘zbekiston delegatsiyasi EXPO-2025 ko‘rgazmasida
Yaponiyaning Osaka shahrida o‘tayotgan “Hayot uchun kelajak jamiyatini loyihalashtirish” nomli EXPO-2025 Butunjahon ko‘rgazmasida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi ishtirok etdi.
Delegatsiyaga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov rahbarlik qildi. Delegatsiya tarkibida bir qator oliy ta’lim muassasalari rahbarlari qatorida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov ham qatnashdi.
EXPO-2025’ning asosiy maqsadi – texnologiya va innovatsiyalarni namoyish etish, madaniyat va turizmni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ijtimoiy va ekologik muammolarga yechim topishdan iborat. Ushbu ko‘rgazma dunyo davlatlari o‘rtasida tajriba va g‘oyalar almashinuvi, kelajak uchun yangi imkoniyatlar izlash hamda turizmni rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda.
Ma’lumki, EXPO-2025’da 100 dan ortiq davlatlar o‘z pavilyonlari bilan ishtirok etmoqda. Delegatsiya a’zolari shundan to‘rtta pavilyonga tashrif buyurdilar:
- O‘zbekiston pavilyoni;
- Birlashgan Arab Amirliklari pavilyoni;
- Koreya pavilyoni;
- Yaponiya pavilyoni.
Tashrif davomida O‘zbekiston pavilyonidagi innovatsion loyihalar, milliy madaniyat va turizm salohiyatini yorituvchi ekspozitsiyalar hamda boshqa davlatlarning ilg‘or ishlanmalari bilan yaqindan tanishildi.