O‘zbekiston delegatsiyasi Kordoba Milliy universitetida madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazdi
2025-yil 29-aprel kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasi Argentinaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri – Kordoba Milliy universitetiga (Universidad Nacional de Cordoba – UNC) tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida 2025-yil kuzida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan UNESCO Bosh Assambleyasining 43-yig‘ilishiga tayyorgarlik doirasida “O‘zbekiston: bebaho madaniy merosi” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Mazkur tadbir davomida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari tomonidan mamlakatimizning boy madaniyati, urf-odatlari, milliy an’analari hamda buyuk allomalari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Tadbir doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmada O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i, milliy liboslar, so‘zana, hunarmandchilik buyumlari va boshqa ko‘rgazmali materiallar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ko‘rgazma mehmonlarga O‘zbekistonning o‘ziga xos madaniyati, xalqona san’ati va milliy qadriyatlarini yaqinroq tanishtirish, ikki tomonlama do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qildi.
Ma’lumot uchun: Kordoba Milliy universiteti (UNC) – Lotin Amerikadagi eng qadimiy va nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. 1613-yilda tashkil etilgan ushbu universitet Argentinaning Kordoba shahrida joylashgan. UNC akademik mukammallik, ilmiy izlanishlar, ijtimoiy faollik va xalq ta’limiga sodiqlik tamoyillari bilan tanilgan. 2025-yilgi QS World University Rankings reytingiga ko‘ra, mazkur universitet dunyoning eng yaxshi 1000 ta oliy ta’lim muassasasi ro‘yxatiga kiritilgan.