O‘zDJTUda “Rektor va yoshlar uchrashuvi” davom etmoqda
Bugun, 10-oktyabr kuni, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Kechki va sirtqi ta’lim fakultetining birinchi bosqich talabalari bilan “Rektor va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov talabalarga universitetdagi o‘quv jarayonining samaradorligini oshirish, xalqaro hamkorlik dasturlari, ilmiy va ijodiy faoliyatni rivojlantirish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, u talabalarga o‘z oldilariga katta maqsadlar qo‘yish, izlanuvchan, bilimli va tashabbuskor bo‘lish zarurligini ta’kidladi.
Tadbirda fakultet dekani Norpo‘lat Suyarovich Mamadov, prorektorlar, bo‘lim boshliqlari hamda tyutorlar ishtirok etib, talabalar bilan ochiq muloqot olib bordilar.
Suhbat davomida talabalar turar joy, o‘quv jarayoni, amaliyot va ilmiy tadqiqotlarga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Uchrashuv iliq va samimiy ruhda o‘tib, talabalarga universitet hayotiga tezroq moslashish, rahbariyat bilan bevosita fikr almashish hamda taklif va tashabbuslarini bildirish imkonini berdi.