Rasmiy munosabat
So‘nggi kunlarda ayrim internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti faoliyatiga oid bir qator asossiz xabarlar tarqatilmoqda. Jumladan, universitet rahbariyati va tyutorlik tizimiga doir noto‘g‘ri ma’lumotlar, faktlarga zid iddaolar ilgari surilmoqda.
Mazkur xabarlar jamoatchilikda turli mish-mish va noto‘g‘ri tasavvurlarni uyg‘otishga qaratilgan bo‘lib, ularning asl haqiqat bilan hech qanday aloqasi yo‘q. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, universitetda tyutorlar faoliyatini tashkil etish, ularning mehnat huquqlarini ta’minlash hamda talabalar bilan ishlash tizimi amaldagi qonunchilik va belgilangan tartiblarga qat’iy rioya qilgan holda olib boriladi. Mazkur xabarlar mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Avvalo, hech bir tyutor rasmiy ravishda ishdan bo‘shatilmagan. Ish o‘rinlari saqlanib qolgan, ularning mehnat huquqlari kafolatlangan. Ijtimoiy tarmoqlarda aytilgan “yoppasiga bo‘shatish” haqidagi ma’lumot haqiqatga zid.
Ikkinchidan, universitetdagi tyutorlik faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021-yil 30-sentabrdagi 412-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi Nizom asosida tashkil etilgan.
Uchinchidan, tyutorlarning mehnat faoliyatiga baho berishda Nizom talablari, holis monitoring va aniq ko‘rsatkichlar inobatga olinadi. Ayrim hollarda tütorlar tomonidan talabalar bilan ishlash bo‘yicha vazifalar to‘liq bajarilmagani aniqlangan. Shu boisdan rotatsiya tizimi joriy etilmoqda. Bu — tyutorlarning fakultetlarda tajriba almashishini, ish samaradorligi oshishini va yangi yondashuvlarni joriy etishni ta’minlashga qaratilgan.
Shuningdek, universitet faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi talablariga to‘liq asoslangan.
• 111-moddaga ko‘ra, mehnat shartnomasi xodimning roziligisiz nisbatan noqulay shaklda o‘zgartirilishi mumkin emas.
• 112-moddaga ko‘ra, muddatli mehnat shartnomalari qonuniy asoslarda va xodim huquqlarini to‘liq kafolatlagan holda tuziladi.
Universitet ochiq va shaffof faoliyat yuritadi hamda bunday asossiz axborotlarni qat’iyan rad etadi. Talaba-yoshlar va xodimlarning huquqlari qonun bilan kafolatlangan.