Indoneziya universiteti vakillarining O‘zDJTUga tashrifi bo‘lib o‘tdi

18-oktabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga Indoneziya universiteti (Universitas Indonesia) vakillari tashrif buyurdi.

Tashrifdan maqsad ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish hamda ta’lim va ilmiy tadqiqot sohalarida yangi istiqbolli yo‘nalishlarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Indoneziya universiteti delegatsiyasi tarkibida Prof. Luthfiralda Sjahfirdi – Qabul direktorati rahbari, Sisilia Sitiawati Halimi – Milliy iqtidorlarni jalb qilish va xalqaro marketing subdirektorati boshlig‘i, Dr. Hendra Karisma – Gumanitar fanlar fakulteti boshqaruvchisi hamda Isyana Intan Puspita – Talabalarni jalb qilish bo‘limi boshlig‘i ishtirok etishdi.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti tomonidan uchrashuvda rektor I. Tuxtasinov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev, Ingliz tili 1-fakulteti dekani G. Ergasheva va Ikkinchi chet tili kafedrasi mudiri E. Mo‘ydinova qatnashdilar.

Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro kredit dasturlarida hamkorlik qilish, talabalar va o‘qituvchilar almashinuvi, malaka oshirish kurslarini tashkil etish, seminar va anjumanlarni birgalikda o‘tkazish, Indoneziyalik talabalarni O‘zDJTUga jalb etish hamda yozgi maktablar tashkil etish kabi masalalarni muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirishdi.

Ma’lumot uchun: Universitas Indonesia haqida

Indoneziya universiteti (Universitas Indonesia) — mamlakatdagi eng nufuzli va qadimiy davlat universitetlaridan biri bo‘lib, 1849-yilda tashkil etilgan. Asosiy kampus Dеpok shahrida joylashgan bo‘lib, 320 gektardan ortiq maydonni egallaydi.

Universitet QS World University Rankings reytingida 206-o‘rinni, Indoneziya bo‘yicha esa 1-o‘rinni egallaydi. Ta’lim sifati, ilmiy salohiyati va xalqaro hamkorliklari bilan tanilgan. 14 ta fakultet faoliyat yuritadi, ular orasida tibbiyot, muhandislik, iqtisodiyot, huquq, ijtimoiy va gumanitar fanlar yo‘nalishlari mavjud. Shuningdek, universitet Gavard, Tokio, Seul, Melburn kabi nufuzli oliygohlar bilan hamkorlik qiladi.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida indonez tili 2002-yildan buyon o‘qitilib kelinmoqda. Hozirda 150 dan ortiq talaba mazkur tilni o‘rganmoqda. Indoneziyalik volontyor-o‘qituvchilar ishtirokida mashg‘ulotlar olib borilmoqda, o‘quv qo‘llanmalar yaratilgan va talabalar xalqaro tanlovlarda muvaffaqiyat qozonib kelishmoqda.

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube