Ingliz tili 1-fakulteti 2024–2025 o‘quv yili bo‘yicha yillik hisobot taqdimotini o‘tkazdi (dolzarb 90 kun )
25-iyun kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida fakultetlar kesimida 2024–2025 o‘quv yili bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan yillik hisobot taqdimotlariga start berildi. Dastlabki taqdimot Ingliz tili 1-fakulteti tomonidan tashkil etildi.
Mazkur taqdimot universitet rektori, professor Ilxomjon Tuxtasinov boshchiligidagi komissiya huzurida, Rektorat binosining 7-qavatidagi kichik majlislar zalida bo‘lib o‘tdi. Unda universitet prorektorlari, fakultet dekanati, kafedra mudirlari hamda tegishli bo‘limlar vakillari ishtirok etdi.
Hisobotda Ingliz tili 1-fakultetining o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, xalqaro hamkorlik, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlarda olib borgan ishlari tahlil qilindi. Shuningdek, 2024–2025 o‘quv yili yakuni bo‘yicha mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar taqdim etildi. Fakultet rahbariyati kelgusi – 2025–2026 o‘quv yilida ta’lim sifatini oshirish, talabalarning ilmiy va amaliy faoliyatini kuchaytirish, xorijiy hamkorlik loyihalarini kengaytirish borasida rejalarni ilgari surdi.