OʻzDJTU Kengashining 11-sonida, an’anaga koʻra, universitet jamoasining yutuqlari e’tirof etilib, taqdirlash marosimi tashkil qilindi
Yig‘ilishda universitetimiz so‘nggi yillarda xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallab borayotgani ta’kidlandi. Xususan, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Osiyo universitetlari Higher Education reytingida 83-o‘rinni, QS reytingida Lingvistika yo‘nalishi bo‘yicha 251–300-o‘rinni, shuningdek, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasidagi Green Metrics reytingida 498-o‘rinni egallab, TOP 500 talikdan joy oldi.
Shuningdek, “Xorijiy tillar va adabiyot (ingliz tili)” yo‘nalishining xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tib, rasmiy sertifikat olgani e’lon qilindi.
Bu yutuqqa erishishda O‘zbekistondagi Indoneziya Respublikasi elchixonasi hamda Indoneziyaning Ta’lim bo‘yicha akkreditatsiya kengashi rahbariyati va jamoasining amaliy yordami, qolaversa OʻzDJTU o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Muhammad Chutpulatov boshchiligidagi universitet jamoasining mehnati katta ekani alohida ta’kidlandi.
Mazkur sertifikatni Indoneziya elchixonasi vakili Sintiа Kristiani Sae xonim universitetga tashrif buyurib, shaxsan oʻzi topshirdi.
Shu munosabat bilan rektor Indoneziya elchixonasiga va Akkreditatsiya kengashi rahbari doktor Mukhlas Samani janoblariga OʻzDJTU jamoasi nomidan chuqur minnatdorlik bildirdi.