O‘zDJTU va Koreyaning Tokyong universiteti o‘rtasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi
8-sentabr kuni soat 10:20 da O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Koreya Respublikasining Tegu shahridagi Tokyong universiteti xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Kim Von Sik janoblari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mehmonni O‘zDJTU rektori I. Tuxtasinov, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov va Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev qabul qildilar.
Tokyong universiteti 30 ta ta’lim yo‘nalishi va mutaxassisliklar bo‘yicha dasturlarni amalga oshirib kelmoqda. Ayni paytda universitetda 5000 nafar talaba tahsil olmoqda, shundan 1200 nafari xorijiy fuqarolar bo‘lib, ular orasida 450 nafar O‘zbekistonlik talabalar ham mavjud. Mashg‘ulotlar koreys va ingliz tillarida olib boriladi. Shuningdek, universitet Koreys tili akademiyasini va tayyorlov kurslarini tashkil etishni rejalashtirmoqda.
Muloqot chog‘ida Kim Von Sik O‘zDJTU talabalarini jalb etish, koreys tilini bilish darajasiga qarab 30 foizdan 70 foizgacha chegirmalar taqdim etishga tayyor ekanligini ma’lum qildi. Shuningdek, yillik kontrakt summasi 4000 AQSH dollarini tashkil etishi qayd etildi.
Tomonlar talaba va o‘qituvchilar almashinuvi, koreys tili o‘qituvchilarini O‘zDJTUga jalb qilish, ilmiy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. Bundan tashqari, KOICA tashkiloti moliyaviy ko‘magida grantlar ajratish hamda turli ta’lim va ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ham fikr almashildi.