O‘zDJTUda “Ispan tilining O‘zbekistonda rivojlanishi” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boshlandi

Bugun, 2025-yil 24-oktabr kuni, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Ispan tilining O‘zbekistonda rivojlanishi: tarixiy kontekst, yangi imkoniyatlar va zamonaviy tendensiyalar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘z ishini boshladi.

Tadbir Roman-german filologiyasi fakulteti, Ispan tili amaliy fanlar hamda Ispan tili nazariy fanlar kafedralari tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, unda Ispaniya, Meksika, Argentina, Braziliya, Rossiya kabi mamlakatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalari vakillari, shuningdek mahalliy olimlar ishtirok etdilar.

Anjuman ishini O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Ilxomjon Tuxtasinov ochib berdi. Rektor o‘z nutqida O‘zbekistonda ispan tili o‘qitilishining bosqichma-bosqich rivojlanib borayotganini, bu yo‘nalishda xalqaro hamkorlik aloqalari izchil kengayib borayotganini ta’kidladi.

So‘ngra Ispaniya elchixonasining ta’lim attashesi Albert Vitriá Marka, Namangan davlat chet tillar instituti rektori Rivojiddin Karimov, Roman-german filologiyasi fakulteti dekani Hamidullo Xakimov hamda xorijiy universitetlar professorlari ishtirokchilarga tabrik so‘zlari bilan murojaat qildilar.

Yalpi majlis doirasida Alikante universiteti professori Alberto Rodríguez Lifante, Campinas universiteti professori Simone Hashiguti, Kadis universiteti vakili Andrés Santana Arribas, Meksika davlat autonom universiteti professori Virna Velazquez Vilchis, Buenos-Ayres universiteti professori María Alejandra Elichabe va boshqa xorijiy ma’ruzachilar o‘z ilmiy ma’ruzalarini taqdim etdilar.

Tadbir davomida ispan tilining O‘zbekistondagi o‘qitilish jarayoni, raqamli resurslardan foydalanish, ispan tili o‘qituvchilarini tayyorlash masalalari hamda zamonaviy lingvodidaktik yondashuvlar haqida fikr almashildi.

Shuningdek, anjumanda rasmiy oponentlar ham faol ishtirok etib, taqdim etilgan ma’ruzalar yuzasidan ilmiy mulohazalar bildirdilar.

Anjuman yakunida O‘zDJTU ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, f.f.f.d. (PhD), dotsent Otabek Yusupov yakuniy nutq so‘zlab, ishtirokchilarga minnatdorchilik bildirdi.

Xalqaro anjuman 25-oktabr kuni sho‘ba yig‘ilishlari bilan davom etadi.

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube