O‘zDJTUda “Korrupsiyasiz kelajak” mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi
29-may kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Korrupsiyasiz kelajak” mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi muhim tashabbuslar, yoshlarning faolligini oshirishga qaratilgan loyihalar taqdim etildi.
Mazkur muloqotni universitetning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Valijon Sadiyev ochib berdi. U o‘z nutqida korrupsiyaga qarshi kurashda ta’lim muassasalarining, xususan, talabalar jamoasining o‘rni beqiyos ekanini ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, tadbirda Komplayens-nazorat tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i Bahodir Hoshimov so‘zga chiqib, tanlovlarning mazmun-mohiyati, yoshlarning huquqiy ongini shakllantirishdagi ahamiyati haqida fikr bildirdi. U bunday tashabbuslar yosh avlodni halollik, adolat va qonun ustuvorligiga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilayotganini alohida qayd etdi.
Tadbir doirasida quyidagi tanlovlarning universitet bosqichi g‘oliblari taqdirlandi:
“Yashil kelajak uchun korrupsiyaga yo‘l yo‘q” shiori ostida o‘tkazilgan “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi;
“Korrupsiyasiz kelajak” mavzusidagi “Huquqiy muhbir” rolini ijro etish tanlovi;
Talaba-yoshlar o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan “Eng yaxshi esselar” Respublika tanlovining universitet bosqichi.
G‘oliblar faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mazkur tadbir universitet talabalari uchun korrupsiyaning salbiy oqibatlari, unga qarshi kurashish yo‘llari va qonuniylik tamoyillarini chuqur anglashda muhim ahamiyat kasb etdi.