26-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2025-yil 22-avgustdagi 321-sonli buyrug‘i — “Oliy taʼlim tashkilotlari va akademik litseylarda 2025/2026-oʻquv yiliga tayyorgarlik koʻrish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” hujjati ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazi hamkorligida boshlangan qisqa muddatli o‘quv kurslarining ikkinchi kunida tegishli mashg’ulotlar bo’lib o’tdi.
Navbatdagi mashg‘ulot “Professor-o‘qituvchilar yillik o‘quv yuklamalarini va shtatlar jadvalini shakllantirish” moduliga bag‘ishlanib, uni Ta’lim jarayonini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Zafar Abdumo‘minovich Norboyev olib bordi.
Kurs doirasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori, professor Tuxtasinov Ilxomjon Madaminovich yangi o‘quv yili arafasida professor-o‘qituvchilar zimmasidagi mas’uliyat, ta’lim jarayonining sifat va samaradorligini oshirish borasidagi ustuvor vazifalar haqida nutq so‘zladi. Shuningdek, rektor barcha tinglovchilarni yangi o‘quv yili bilan tabriklab, ularga kasbiy muvaffaqiyatlar tiladi.
Shuningdek, kurs davomida Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i Hoshimov Bahodir Rustamovich ham nutq so‘zlab, ta’lim tizimida korrupsiyaning oldini olish, shaffoflikni ta’minlash va mas’uliyatni oshirishga oid muhim ma’lumotlarni yetkazdi.
Mazkur mashg‘ulot davomida tinglovchilar yangi o‘quv yili oldidan zaruriy huquqiy-me’yoriy asoslar, rejalashtirish jarayonlari va tashkiliy masalalar yuzasidan amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘lishdi.