23-aprel kuni OʻzDJTUda “Maʼrifat ulashib” loyihasi doirasida “Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi” aʼzolari Erkin Aʼzam, Olimjon Davlatov va Xurshid Abdurashidlar bilan adabiy uchrashuv tashkil etildi.

Maʼrifat —kishilarning ongini, bilimini, madaniyatini oshirishga qaratilgan taʼlim-tarbiya. U kishilarni jaholatdan qutqaradi, buzuq ishlardan qaytaradi, yaxshi xulq va odob egasi boʻlishga yordam beradi. Maʼrifatni hayotga singdirish maorif tizimi orqali amalga oshiriladi. Ayni shu sabab tashkil etilgan uchrashuv qizgʻin voqelikka boy tarzda olib borildi.

Dastur avvalida, mehmonlar va talabalar oʻrtasida uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvni universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov ochib berdi. Shundan soʻng, mehmonlar yozuvchilik sanʼati va maʼrifatning inson hayoti va jamiyat taraqqiyotidagi oʻrni haqida talabalarga soʻzlab berishdi. Talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan mehmonlarga murojaat qilib, maʼlumotlarga ega boʻlishdi. Sevimli yozuvchilardan esdalik xatlari olishdi. 

Uchrashuv “Yashil makon” loyihasi doirasida koʻchat ekish marosimiga ulanib ketdi. Taniqli yozuvchilar Erkin Aʼzam, Olimjon Davlatov va Xurshid Abdurashid, universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov, rahbariyat vakillari va talabalar birgalikda universitet hududiga yangi koʻchatlar ekilshdi.

Universitet hududida talabalar bilan koʻchat ekish jarayonlaridan soʻng, mehmonlar va universitet rahbariyati birgalikda Uchtepa tumanida joylashgan 12-sonli hamda 81-sonli maktablarga tashrif buyurishdi. 

Taʼlim maskanida yozuvchilar, universitet vakillari hamda maktab oʻquvchilari bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Yozuvchilar hayot yoʻllari haqida soʻzlab berdi. Maktab oʻquvchilari tomonidan tayyorlangan sahna koʻrinishlari namoyish etildi. Qator sport turlari boʻyicha bellashuvlar boʻlib oʻtdi.

Adiblar bilan uchrashuv universitetning talabalar turar joylarida davom ettirildi. Yozuvchilar va talabalar gulxan atrofida suhbatlashishdi. Talabalar oʻzlarining ijod namunalarini ham oʻqib berishdi. Yozuvchilar talabalarning ijodiy ishlarini ham baholab ularga yoʻnalish va tavsiyalar berib oʻtdi. 

Maʼrifatparvarlar bilan tashkil etilgan uchrashuv qiziqarli taassurotlarga boy tarzda nihoyalandi.

2024-04-24 05-08

Bizning hamkorlar
Sayt xaritasi