Ilxomjon Madaminovich TUXTASINOV,
pedagogika fanlari doktori, professor
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori

 

Yangi O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-ma’rifiy hayoti haqida endilikda bir minbar — yangi ta’sis etilgan “Vatan” jurnali orqali tanishish imkoniyati yaratilgani biz uchun juda quvonarli yangilik bo‘ldi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi muassisligida tashkil etilgan “Vatan” jurnali keng o‘quvchilar auditoriyasi, jumladan, ziyolilar, siyosatshunoslar, olim va yozuvchilar, umuman olganda, barcha soha vakillari uchun mo‘ljallangan. Bu jurnalni Vatan va Millatga muhabbatni izhor etadigan minbar, desak aslo yanglishmaymiz.

Jurnalning nishona soni bilan tanishib chiqar ekanmiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan yangilanishlar, Vatanimiz tarixi bilan bog‘liq maqolalar, jadidchilik namoyondalarining fikrlari, xorijdagi yurtdoshlarimizning Vatan sog‘inchi ufurib turgan maqolalari, shuningdek, ona yurtimizni madh etuvchi asarlarning barini bir joyga jam qilganlari uchun jurnal ta’sischilariga o‘z minnatdorchiligimizni izhor etamiz.

Jurnal sahifalarida xorijdagi o‘zbekistonliklar uchun ham alohida joy ajratilgani  bizni juda quvontirdi. Endilikda xorijdagi yurtdoshlarimiz ham o‘z ilmiy qarashlari, Vatan haqidagi dil so‘zlarini bu jurnal orqali izhor etishlari mumkin. Shuningdek, Vatan sog‘inchi bilan yashayotgan uzoqdagi yaqinlarimiz uchun ham bu jurnal ayni muddao bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.

Olimlar-u ziyolilar, siyosatshunoslar, xorijdagi yurtdoshlar, barcha O‘zbekistonliklar minbari — yangi tashkil etilgan “Vatan” jurnali ishiga muvaffaqiyat tilaymiz! O‘ylaymizki, Yangi O‘zbekiston imijini xalqaro akademik doiralarda oshirishga o‘z hissasini qo‘shayotgan bu jurnal ko‘p yillar Vatanimiz madhini yuksaklarga ko‘taruvchi minbar bo‘lib qoladi.

2024-03-04 11-34

Bizning hamkorlar
Sayt xaritasi