20-sentyabr kuni Toshkent axborot texnologiyalari universitetida oliy va kasbiy ta’lim muassasalari o‘quvchi va talabalarini qamrab oluvchi “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalariga rasmiy start berildi.
Tadbirda Prezidentning sport bo‘yicha vakili Odil Abdurahmonov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Sport vaziri Adham Ikramov, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati, Yoshlar ishlari agentligi, Mahallalar uyushmasi, Milliy Paralimpiya qo‘mitasi vakillari hamda Toshkent shahridagi barcha OTM rektorlari ishtirok etdilar.
Marosim TATU sport zalida bo‘lib, mamlakatning 13 ta hududidagi oliy ta’lim muassasalari vakillari ZOOM platformasi orqali onlayn tarzda qo‘shildilar.
Tadbir ochilishida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov nutq so‘zlab, musobaqalar Prezidentimiz tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgani hamda uch yil davomida yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va ommaviy sportni rivojlantirishda muhim o‘rin egallab kelayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori sharafli mukofot bilan taqdirlandi:
Mazkur tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi tomonidan ta’sis etilgan “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Madaminovich Tuxtasinovga topshirildi.
Ushbu yuksak e’tirof ta’lim tizimida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, yoshlarning sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga qo‘shgan munosib hissasi uchun berildi.
Mazkur mukofot O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti jamoasi uchun katta faxr va sharaf bo‘lib, universitet rahbariyatining sport va sog‘lom avlod tarbiyasiga qaratilgan tashabbuslari yuqori darajada qadrlanayotganidan dalolat beradi.