Koreys tili olimpiadasi
22-noyabr kuni Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti Sharq filologiyasi fakulteti Koreys filologiyasi kafedrasi oʻqituvchisi Na Sahm II rahbarligida fakultet talabalari Qozogʻiston Respublikasining Almata shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi Koreys tili olimpiadasida ishtirok etishdi.
Mazkur nufuzli olimpiadada mintaqaning 6 ta davlatidan jami 112 nafar iqtidorli talabalar qatnashib, o‘z bilim va iste’dodlarini sinovdan o‘tkazishdi. Musobaqa nafaqat koreys tilini chuqur o‘rganish, balki Markaziy Osiyo yoshlari oʻrtasida madaniy aloqalarni mustahkamlashga yordam beradi.

Magistr va doktorantlar yo‘nalishida oʻtkazilgan ilmiy tadqiqotlar tanlovida Sharq filologiyasi fakulteti Koreys filologiyasi kafedrasi oʻqituvchisi, mustaqil izlanuvchi Abdiyeva Iroda oʻzining puxta tayyorgarligi va ilmiy izlanishlari bilan ajralib turib, “Eng yaxshi taqdimot” nominatsiyasi g‘olibi deb topildi.
Shuningdek, bakalavr talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Notiqlik sanʼati va test” yo‘nalishida universitetimiz shaʼnini munosib himoya qilgan FKOR-2210 guruh talabasi Qudratova Nafisa yuksak natija ko‘rsatib, faxrli 2-oʻrinni qo‘lga kiritdi.

Mazkur natijalar universitetimizda koreys tili taʼlimi sifatining yuksak darajada ekanini yana bir bor tasdiqlab, yoshlarimizning bilimga bo‘lgan intilishi va xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini namoyish etdi.