O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O‘zDJTU) rektori Ilxomjon Tuxtasinov, xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor Abdurahim Nosirov hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Feruza Rashidova UNESCOning 43-sammitida ishtirok etdi.
Ushbu sammit doirasida O‘zbekiston “Oliy ta’lim malakalarini tan olish bo‘yicha global konventsiya”ni ratifikatsiya qilgan 39-davlat sifatida e’lon qilindi. Bu mamlakatimiz uchun xalqaro hamjamiyatdagi e’tirof va ta’lim tizimimizning rivojlanishi nuqtai nazaridan muhim qadamdir.

Konventsiya xorijda olingan malaka va diplomlarni tan olishni osonlashtiradi va a’zo davlatlarga ta’lim sifatini uyg‘unlashtirish vazifasini yuklaydi. Shu bilan birga, O‘zbekiston fuqarolari uchun diplomlarni tan olish bilan bog‘liq masalalar kamayadi.
O‘zDJTU jamoasi ushbu voqeani quvonch bilan qabul qiladi va milliy ta’lim tizimimizning rivojlanishida o‘z hissasini qo‘shishda davom etadi.
