O‘zbekistonning oliy ta’lim va fan sohasidagi islohotlari Sukuba konferensiyasida taqdim etildi

2025-yil 1-oktyabr kuni Yaponiyaning Sukuba shahrida “Yangi cho‘qqilar sari jamiyat bilan hamkorlikda” shiori ostida o‘tkazilgan to‘rtinchi Sukuba konferensiyasida O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi. Delegatsiyaga O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov boshchilik qildi.

Delegatsiya tarkibida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov ham qatnashdi

 

 

Sukuba xalqaro kongress markazida bo‘lib o‘tgan anjumanda davlat boshqaruvi, sanoat va akademik doiralar vakillari global muammolar – qashshoqlik, qurg‘oqchilik, xalqaro nizolar va pandemiyalarni bartaraf etish yo‘llarini fan va innovatsiyalar orqali izlash, shuningdek, xalqaro ilmiy hamkorlikni kuchaytirish masalalarini muhokama qildilar.

O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari o‘z nutqlarida mamlakatimizda oliy ta’lim va fan sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro tajriba almashish, qo‘shma tadqiqotlar, yoshlar startaplarini qo‘llab-quvvatlash va universitetlar mustaqilligini mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdilar.

“Sukuba konferensiyasi – 2025”da shuningdek Nobel mukofoti sovrindorlari, dunyoning yetakchi universitetlari olimlari hamda nufuzli korporatsiyalar rahbarlari ishtirok etdilar. Uchrashuv 1–3-oktyabr kunlari davom etib, 35 ta sessiya va tadbirlarni o‘z ichiga oldi.
 

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube