O‘zDJTU Akademik litseyida 2024–2025 o‘quv yili bitiruvchilariga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi

2025-yil 16-iyun kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Akademik litseyida 2024–2025 o‘quv yili bitiruvchilariga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov, universitet rahbariyati vakillari, professor-o‘qituvchilar, bitiruvchi o‘quvchilar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.

 

 

Tantanali tadbirni universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov ochib berar ekan, bitiruvchilarni tabriklab, ularning bugungi natijalari kelajakda yurt taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shadigan yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishishlariga zamin yaratishini ta’kidladi. Rektor o‘z so‘zida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega yoshlarni tayyorlashda litsey o‘qituvchilari va ota-onalarning o‘rni beqiyos ekanini alohida qayd etdi.

2024–2025 o‘quv yilida litsey 530 nafar o‘quvchi bilan o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lsa, mamnuniyat bilan aytish joizki, ushbu o‘quv yilini yakunlagan 243 nafar bitiruvchining barchasi – ya’ni 100 foizi – mahalliy va xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi. Bitiruvchilar orasida 19 nafar xorijiy fuqarolarning farzandlari ham bor.

Bitiruvchilar orasida xalqaro tanlovlar, fan olimpiadalari va sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishgan yoshlar, shuningdek, xorijiy tilni mukammal egallab, IELTS va CEFR tizimlari bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan iqtidorli o‘quvchilar anchagina. Jumladan:
 5 nafar o‘quvchi “Oltin medal”,
 14 nafar o‘quvchi “Kumush medal”,
 25 nafar o‘quvchi “A’lo darajadagi imtiyozli diplom” sohibi bo‘ldi.

Shuningdek, 258 nafar bitiruvchi xalqaro til sertifikatlariga ega bo‘ldi. Ulardan 33 nafari — C1, 167 nafari — B2 darajali IELTS yoki CEFR sertifikatiga ega bo‘lib, bu umumiy bitiruvchilarning 82,3 foizini tashkil etadi. 81 nafar o‘quvchi esa umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatlar oldi.

 

 

Tadbir davomida litsey bitiruvchilarining sahnadagi chiqishlari, ijodiy ko‘rinishlari va minnatdorchilik so‘zlari yig‘ilganlarda chuqur taassurot qoldirdi. O‘z farzandlarining yutuqlarini ko‘zlari bilan ko‘rgan ota-onalarga minnatdorchilik izhor etildi.

Tadbir yakunida a’lo baholar, yuqori sertifikat natijalari, fan va sport musobaqalaridagi yutuqlari bilan ajralib turgan bir guruh faol o‘quvchilarga faxriy yorliqlar va sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi. Shu bilan birga, ularning ota-onalariga ta’limdagi samarali hamkorlik va farzand tarbiyasidagi fidoyiliklari uchun samimiy minnatdorchilik bildirildi.

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube