O‘zDJTU va Istanbul Aydın Universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
2025-yil 20-iyun kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O‘zDJTU) delegatsiyasi Turkiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri – Istanbul Aydın Universitetiga rasmiy tashrif buyurdi. Tashrif doirasida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida keng qamrovli hamkorlik memorandumi imzolandi.
Uchrashuv avvalida O‘zDJTU delegatsiyasi Istanbul Aydın Universiteti rahbariyati tomonidan samimiy kutib olindi. Muzokaralar do‘stona va ishchan ruhda o‘tkazilib, tomonlar ta’lim va ilm-fan sohasida o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha fikr almashdilar.
Tashrif davomida mehmonlar universitet infratuzilmasi, o‘quv jarayonlari hamda talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar. Delegatsiya xorijiy tillar, tarjima, zamonaviy texnologiyalar, madaniyat, muhandislik yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi fakultetlar, ilg‘or texnik vositalar bilan jihozlangan laboratoriyalar, elektron kutubxona va talabalar shaharchasini ko‘zdan kechirdi. Aydın Universitetining xalqaro standartlarga mos ta’lim tizimi va amaliyotga yo‘naltirilgan yondashuvi O‘zDJTU vakillarida katta taassurot qoldirdi.
Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari:
Imzolangan hujjat ikki universitet o‘rtasida quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlikni nazarda tutadi:
Talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi;
Qo‘shma ilmiy loyihalar va konferensiyalar tashkil etish;
Tarjima va xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha tajriba almashuvi;
Ilmiy nashrlar va o‘quv-metodik materiallar almashinuvi;
Innovatsion ta’lim texnologiyalarini tatbiq etishda hamkorlik qilish.
Shuningdek, tomonlar kelgusida qo‘shma bakalavriat va magistratura dasturlarini yo‘lga qo‘yish, stajirovkalar va amaliyotlar tashkil etish masalalarida ham fikr almashdilar.(dolzarb 90kun )