O‘zDJTUda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

13-oktabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Ingliz tili 2-fakulteti huzuridagi O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi tomonidan “Raqamlashtirish davrida o‘zbek tilini davlat tili va xorijiy til sifatida o‘qitish masalalari: mahalliy va xorijiy tajriba” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

 

 

Mazkur anjuman O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025-yil uchun ilmiy tadbirlar rejasiga muvofiq ravishda oflayn va onlayn shaklda o‘tkazildi.

Konferensiyani universitet rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Ilxomjon Tuxtasinov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Tadbir davomida O‘zDJTU ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent O.Yusupov, xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha prorektor, filologiya fanlari doktori, professor A.Nasirov hamda xorijiy oliy ta’lim muassasalari vakillari — Shimoliy Makedoniyadan Ozlem Kurt, Qozog‘istondan PhD, dotsent Sholpan Kudyarova, Rossiya Federatsiyasidan professor Begam Qarayeva va dotsent Darya Jigulskayalar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.

Shuningdek, O‘zDJTU O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi professor-o‘qituvchilari — filologiya fanlari doktori, professor Ravshanxo‘ja Rasulov, pedagogika fanlari doktori, professor Xadicha Muxitdinova hamda boshqa olimlar raqamlashtirish jarayonida o‘zbek tilini o‘qitishning dolzarb masalalari, zamonaviy pedagogik yondashuvlar va xalqaro tajribalar xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

 

 

Anjuman doirasida til o‘qitishdagi innovatsion metodlar, o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi o‘rni, raqamli resurslardan samarali foydalanish bo‘yicha ilmiy muhokamalar o‘tkazildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi hamda sho‘ba majlislarida ilmiy ma’ruzalar tinglanib, foydali tajriba almashinuvi bo‘lib o‘tdi.

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube