O‘zDJTUda Yaponiyaning “Onodera User Run” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2025-yil 27-oktabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori I. Tuxtasinov Yaponiyaning “Onodera User Run” kompaniyasi vakillarini qabul qildi.

Mazkur uchrashuv O‘zDJTU va Yaponiyaning ta’lim hamda bandlik sohasidagi hamkorligini yanada rivojlantirish, talabalar uchun amaliy kasbiy tayyorgarlik va xalqaro mehnat bozoriga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida tashkil etildi.

Tadbirda kompaniya rahbari Daiki Kimura, menejer Sardorxo‘ja Bozorboev va kompaniya xodimi Abdusaid Abduganiyev ishtirok etdilar. Universitet tomonidan esa rektor I. Tuxtasinov, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev, Sharq filologiyasi fakulteti dekani D. Juraev, Yapon filologiyasi kafedrasi mudiri N. Xamidova hamda yapon tili o‘qituvchisi X. Botirov qatnashdi.

 

 

Uchrashuv davomida tomonlar Yaponiyaning Tokio shahrida o‘tgan muzokaralarni davom ettirdilar. Jumladan, yapon tili yo‘nalishida tahsil olayotgan yuqori bosqich talabalari va bitiruvchilar uchun 6 oylik maxsus kasbiy tayyorlov kurslarini tashkil etish hamda ularni Yaponiyada ish bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, maxsus kurslarda dars berish uchun yaponiyalik mutaxassislarni jalb etish va mahalliy o‘qituvchilarni tayyorlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Rektor I. Tuxtasinov talabalar amaliyoti va stajirovkalarini Yaponiyaning oliy ta’lim muassasalari hamda ishlab chiqarish korxonalarida tashkil etish o‘quv jarayonini yanada samarali qilishini ta’kidladi.

X. Yuldashev esa O‘zDJTU talabalarining yapon tili bo‘yicha puxta bilim va ko‘nikmalarga ega ekanini qayd etib, kasbiy tayyorlov dasturlarini yo‘lga qo‘yish Yaponiyada malakali ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojni qisqa muddatda qondirishga xizmat qilishini ma’lum qildi.

Yapon tomoni Toshkent shahrida tashkil etiladigan o‘quv markazida mehmonxona xo‘jaligi, ovqatlanish shoxobchalari, qariyalar uylari va tibbiyot muassasalarida ishlash uchun kadrlar tayyorlanishini, bu jarayonda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bilan hamkorlik muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar anglashuv memorandumi va hamkorlik shartnomasini imzolash masalasida kelishuvga erishdilar.

Mazkur uchrashuv O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va “Onodera User Run” kompaniyasi o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, yoshlar uchun xalqaro ta’lim va mehnat imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etdi.

 

 

 Ma’lumot uchun:
“Onodera User Run” — Yaponiyaning yetakchi xalqaro kompaniyalaridan biri bo‘lib, xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda ta’lim, kadrlar tayyorlash va bandlik yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi. Kompaniya Yaponiya bozorida xorijiy mutaxassislarni tayyorlash va ularni ish bilan ta’minlash tizimini yo‘lga qo‘ygan. Hozirda kompaniya dunyoning turli davlatlarida o‘quv-amaliyot markazlariga ega.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube