O‘zDJTUda Yevropa menejmentni rivojlantirish fondi (EFMD) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Bugun, 2025-yil 27-oktabr kuni, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Belgiya poytaxti Bryusselda joylashgan Yevropa menejmentni rivojlantirish fondi (EFMD) vakillari bilan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mazkur uchrashuv O‘zDJTU va mazkur fond o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, xalqaro istiqbolli loyihalar, xususan Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi doirasidagi Capacity Building loyihasini ishlab chiqish masalalarini muhokama qilishga bag‘ishlandi.
Uchrashuvda EFMDning xalqaro loyihalar bo‘yicha katta menejeri Jan-Batist Meillard hamda direktor o‘rinbosari Kristof Terras ishtirok etdilar. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti tomonidan esa rektor I.Tuxtasinov, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A.Nasirov, ARIA akkreditatsiya agentligi rahbari, tarjimonlik fakulteti professori G‘.Raximov hamda uning o‘rinbosari A.Nizomov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X.Yuldashev, Ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i K.Muradkasimova, Iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Sh.Ismatova, O‘quv-uslubiy boshqarma mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.
Shuningdek, Buxoro davlat universiteti, Qarshi davlat universiteti, Termiz davlat universiteti va Urganch davlat universiteti rahbarlari onlayn tarzda muloqotda qatnashdilar.
Uchrashuv davomida quyidagi asosiy masalalar muhokama qilindi:
- Yevropa Ittifoqining “Erasmus+” dasturi doirasidagi “Capacity Building” loyihasini ishlab chiqish maqsadida ilmiy tadqiqotlar, ilm-fan va ta’lim sifatini oshirish, bitiruvchilar bandligini ta’minlash, ta’lim-fan-ishlab chiqarish integratsiyasini amalga oshirish sohalarida mavjud muammolar va yechimlar;
- O‘zDJTU boshqaruv tizimini takomillashtirish, ta’lim jarayonlarini xalqaro standartlarga moslashtirish;
- Ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalar doirasida qo‘shma faoliyatni rivojlantirish;
- Ilmiy seminarlar, forumlar va konferensiyalar tashkil etish, xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti uchun xalqaro hamkorlik sohasida muhim strategik bosqich bo‘lib, ta’lim sifatini oshirish, boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda O‘zDJTUning xalqaro ta’lim makonidagi nufuzini yanada oshirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.

Ma’lumot uchun:
Yevropa menejmentni rivojlantirish fondi (EFMD) — bosh ofisi Bryussel (Belgiya) shahrida joylashgan xalqaro notijorat tashkilot bo‘lib, 1972-yilda tashkil etilgan. Bugungi kunda EFMD dunyodagi eng nufuzli menejment ta’lim tashkilotlaridan biri hisoblanadi. U 95 ta mamlakatdagi 990 dan ortiq akademik, biznes va davlat tashkilotlarini o‘z atrofida birlashtiradi.
EFMD tomonidan boshqariladigan EQUIS (European Quality Improvement System) akkreditatsiya tizimi — biznes va menejment yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarini baholash, ularning xalqaro standartlarga muvofiqligini aniqlash bo‘yicha eng obro‘li global tizimlardan biridir.
Tashkilot, shuningdek, EFMD Accredited, BSIS (Business School Impact System), EDAF (EFMD Deans Across Frontiers), CLIP (Corporate Learning Improvement Process) va LIFT (Learning Impact for Today and Tomorrow) kabi dasturlar orqali ham xalqaro ta’lim sifatini baholash va takomillashtirishga xizmat qiladi.
EFMD faoliyati nafaqat Yevropada, balki butun dunyo miqyosida ta’lim, biznes va siyosat vakillarini birlashtirib, menejment ta’limining ilg‘or tajribalari, innovatsion yondashuvlar va ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan.