Samarqandda O‘zbekiston–Xitoy innovatsion hamkorligiga bag‘ishlangan xalqaro forum bo‘lib o‘tmoqda
2025-yil 1–2-iyun kunlari Samarqand shahrida “Ta’lim, fan va texnologiya sohasida innovatsion hamkorlik” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur nufuzli tadbir Ikkinchi O‘zbekiston–Xitoy hududlararo forumi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash hamda uni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.
Forumning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda Xitoyning Shensi viloyati gubernatori Chjao Gan ishtirok etdi. Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston va Xitoyning davlat tashkilotlari, yetakchi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari, texnoparklari hamda xususiy sektor vakillari keng miqyosda ishtirok etmoqda.
Mazkur forumda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasi ham faol qatnashmoqda. Delegatsiya tarkibidan universitet rektori, professor Ilxomjon Tuxtasinov, xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor A.A. Nosirov hamda xalqaro reytinglar bilan ishlash bo‘limining vakillari o‘rin olgan. Ular forum doirasida ta’lim va ilmiy-innovatsion yo‘nalishlarda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan uchrashuv va muzokaralarda faol ishtirok etyapti.
Forum dasturi doirasida “Study in Uzbekistan” va “Study in China” nomli ko‘rgazmalar tashkil etildi. Unda ikki davlatning ta’lim tizimi, ilmiy salohiyati va xorijiy talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar namoyish qilindi. Bundan tashqari, ikki tomonlama uchrashuvlar, amaliy muzokaralar o‘tkazilib, hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan bir qator hujjatlar imzolandi.
Xususan, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Xitoyning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Xi’an International Studies University o‘rtasida Universitetlararo hamkorlik shartnomasi imzolandi. Ushbu hujjat ikki oliygoh o‘rtasida ilmiy-tadqiqot loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma konferensiyalar, qisqa muddatli akademik dasturlar, malaka oshirish kurslari, qo‘shma laboratoriyalar tashkil etish, shuningdek, ta’lim–fan–sanoat integratsiyasini chuqurlashtirish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Ma’lumot uchun:
Xi’an International Studies University (XISU) — Xitoyning eng nufuzli xorijiy tillar universitetlaridan biri hisoblanadi. 1952-yilda tashkil etilgan ushbu oliygoh xorijiy tillar, xalqaro aloqalar, tarjimashunoslik, jurnalistika va mintaqaviy tadqiqotlar yo‘nalishlarida yetakchi ta’lim muassasasi sifatida e’tirof etilgan. Hozirda universitet 20 dan ortiq xorijiy til bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydi va xalqaro akademik almashinuvda faol ishtirok etadi. Bugungi kunda XISU 30 dan ortiq mamlakatlarning 250 ga yaqin universitetlari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan.
Universitet Times Higher Education (THE) va QS Asia University Rankings xalqaro reytinglarida til va tarjima yo‘nalishida Xitoydagi eng yaxshi 10 ta oliygoh qatoridan o‘rin olgan. Uning reytinglardagi pozitsiyasi yil sayin yaxshilanib borayotgani ta’lim sifati, ilmiy salohiyat va xalqaro e’tiborning oshib borayotganidan dalolat beradi