Qadrli yoshlar, aziz hamkasblar!

Avvalo, siz, azizlarni, qutlugʻ ayyom — Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman.

8-dekabr har yili mamlakatimizda eng ulugʻ bayram sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Konstitutsiya — xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi boʻlib, hech kimga qaram boʻlmasdan, erkin va ozod, tinch hamda osoyishta, farovon hayotimizning mustahkam qonuniy kafolatidir.

Bunga qadar 1992-yildan buyon Konstititutsiyaga jami 15-marta oʻzgartish kiritilgan edi. Bu safar esa oʻzgarishlar koʻlami kattaligi sabab hujjatning yangi tahriri qabul qilindi. Yangilanish natijasida Bosh qomusdagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshdi. Umuman, Konstitutsiya 65 foizga yangilandi.

Joriy yil 30-aprelda boʻlib oʻtgan umumxalq referendumida yangi tahrirdagi Konstitutsiyani xalqimiz qoʻllab-quvvatladi. “Inson – jamiyat – davlat” tamoyilining Bosh qomusimizda belgilab qoʻyilishi mamlakatimizning har bir fuqarosi huquqlari uning ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida bir xil ekanligining taʼminlanishiga xizmat qiladi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda yoshlar manfaatlarini, taʼlim olish bilan bogʻliq bir qator yangi normalar oʻz ifodasini topdi. Jumladan, 50 va 51-moddalarida har kim taʼlim olish huquqiga egaligi, fuqarolar davlat taʼlim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy maʼlumot olishga, shuningdek, oliy taʼlim tashkilotlari qonunga muvofiq akademik erkinlik, oʻzini oʻzi boshqarish, tadqiqotlar oʻtkazish va oʻqitish erkinligi huquqiga ega ekanligi qatʼiy belgilab qoʻyildi.

Mazkur dolzarb masalalarning Konstitutsiya darajasida belgilab qoʻyilgani mamlakatimizda taʼlim, xususan, oliy taʼlimni rivojlantirish, pirovardida yoshlarni har tomonlama yetuk insonlar qilib tarbiyalashda muhim oʻrin tutadi.

Bundan tashqari, yangi tahrirdagi Bosh qomusimizning 52-moddasida oʻqituvchilarning mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etilishi, qolaversa, davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishi belgilandi.

Bu ham yurtimizda pedagoglarning maqomi, mavqeini oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlarning amaliy ifodasi, desak, ayni haqiqat.

Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi har bir yurtdoshimiz “Mening Konstitutsiyam” deb faxrlanadigan mukammal darajadagi muhim hujjatga aylandi.

Fursatdan foydalanib, Sizlarni 8-dekabr — Konstitutsiya kuni bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik hamda fayzu baraka tilayman!

Ilxomjon TUXTASINOV,

Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori

2023-12-08 10-12

Bizning hamkorlar
Sayt xaritasi