O‘zbekiston–Yaponiya oliygohlari rektorlarining 5-forumi Samarqandda bo‘lib o‘tmoqda
2025-yil 30–31-oktabr kunlari tarixiy Samarqand shahrida “Bilim va jamiyat o‘rtasidagi uyg‘unlik: inson taraqqiyoti va innovatsiyalar yo‘lida fanlararo yondashuvlar” mavzusida O‘zbekiston va Yaponiya oliy ta’lim muassasalari rektorlarining 5-forumi o‘z ishini boshladi.
Mazkur nufuzli anjuman O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Yaponiya Ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirligi hamkorligida tashkil etilib, unda ikki mamlakatning yetakchi universitetlari rahbarlari, olimlar va mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Forum doirasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O‘zDJTU) delegatsiyasi ham faol ishtirok etmoqda. Universitet rektori, professor Ilxomjon Tuxtasinov hamda xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor Abdurahim Nasirov forum ishida qatnashib, Yaponiya oliygohlari bilan akademik almashinuv va hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.

Forumning eng muhim voqealaridan biri sifatida professor I. M. Tuxtasinov Yaponiyaning nufuzli Tsukuba universiteti prezidenti, professor Nagata Kyosuke bilan talabalar almashinuvi bo‘yicha shartnoma imzoladi.
Mazkur kelishuv O‘zDJTU va Tsukuba universiteti o‘rtasidagi ilmiy-ta’limiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi hamda ikki mamlakat yoshlari o‘rtasida o‘zaro tushunish, do‘stlik va tajriba almashuvini mustahkamlaydi.
O‘zDJTU va Tsukuba universiteti o‘rtasidagi talabalar almashuvi to‘g‘risidagi shartnoma
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O‘zDJTU) va Yaponiyaning Tsukuba universiteti o‘rtasida imzolangan shartnoma ikki oliygoh o‘rtasida talabalar almashuv dasturini tashkil etishni nazarda tutadi.
Kelishuvga ko‘ra, dastur quyidagi asosiy yo‘nalishlarni qamrab oladi:
 - Maqsad: talabalar xorijiy universitetda o‘qish orqali xalqaro tajriba orttirish, shuningdek, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida do‘stona munosabatlarni rivojlantirish.
 - Muddat: almashinuv muddati — bir yildan oshmaydi.
 - Kvota: har yili har bir oliygohdan ikki nafargacha talaba almashinuvda qatnashadi.
 - Daraja maqomi: talabalar o‘z universitetida o‘qishni davom ettiradi va mezbon oliygohda daraja olish uchun nomzod bo‘lmaydi.
 - Qabul talablari: har bir universitet qabul tartibini belgilaydi, ammo almashinuv ishtirokchilari uchun imkon qadar soddalashtirilgan shartlar ta’minlanadi.
- Akademik tan olish: almashinuvdan so‘ng talabaning baholari va kreditlari o‘z universiteti tomonidan tan olinadi.
- To‘lovlar: almashinuv talabalari mezbon oliygohdagi o‘qish va ro‘yxatdan o‘tish to‘lovlaridan ozod qilinadi.
- Xarajatlar: turar joy, ovqatlanish, sug‘urta va boshqa shaxsiy xarajatlar talabalar zimmasida bo‘ladi.
- Qo‘llab-quvvatlash: mezbon universitet talabalarni yashash joyi va viza masalalarida amaliy yordam bilan ta’minlaydi.
Mazkur dastur O‘zDJTU talabalari uchun Yaponiyaning ilg‘or ta’lim tizimi bilan yaqindan tanishish, zamonaviy ilmiy yondashuvlarni o‘zlashtirish va xalqaro tajriba orttirish imkonini beradi.

O‘zDJTU va Tsukuba universiteti o‘rtasida akademik almashinuv va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda Yaponiyaning Tsukuba universiteti o‘rtasida imzolangan akademik almashinuv va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oladi:
 - professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar almashinuvi;
- qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish;
 - o‘quv dasturlari, darsliklar va metodik qo‘llanmalarni ishlab chiqish;
- qo‘shma seminar va konferensiyalar tashkil etish;
- magistratura va aspirantura darajasida qo‘shma dasturlarni joriy etish.
Ushbu bitim O‘zDJTUning xalqaro reytingini oshirish, Yaponiya bilan ta’lim sohasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlash va yoshlar uchun yangi akademik imkoniyatlar yaratish yo‘lida muhim qadamdandir.
 
									 
  
													 
													 
													 
													 
													 
													 
													 
													 
													 
													 
         
		 
		 
		 
		 
		