Rossiyalik olimlar O‘zbekiston yoshlari uchun ma’ruzalar o‘tkazmoqda
Moskva, Novosibirsk, Bryansk, Qozon, Vladivostok va Krasnoyarsk shaharlaridagi yetakchi oliy o‘quv yurtlari hamda ilmiy markazlardan tashrif buyurgan 10 nafar taniqli rus olimlari – turli fan sohalarida e’tirof etilgan mutaxassislar, xalqaro miqyosda tan olingan ilmiy yutuqlarga ega tadqiqotchilar 6-13- oktabr kunlari Toshkent, Chirchiq, Andijon, Farg‘ona va Namangan shaharlaridagi o‘quvchi-yoshlar hamda talabalarga ma’ruzalar o‘qishi haqida xabar bergan edik.
Bugun, 6-oktabrdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasida “Kelajak olimlari” xalqaro loyihasining birinchi ilmiy-ma’rifiy tadbirlari start oldi.
Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida ham mazkur loyiha doirasidagi dasturlar tashkil etildi. Tadbirni OʻzDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov ochib berdi.
Mutaxassislar oʻz ma’ruzalari va taqdimotlari davomida yangi, noyob materiallar yaratish va ularni amaliy hayotda qo‘llash, atrof-muhit o‘zgarishlari va sayyoramiz kelajagi kabi zamonaviy ilmiy yutuqlar haqida so‘z yuritdilar.
Loyiha orqali OʻzDJTU talabalari zamonaviy olimlar bilan bevosita muloqot qilish, ilmiy tadqiqotlar natijalari bilan tanishish, savollar berish, ilm-fan sohasida muvaffaqiyatli faoliyat yuritish uchun zarur kompetensiyalar haqida bilib olish; tadqiqotchilar va o‘qituvchilar esa professional aloqalarini kengaytirib, tajriba almashish hamda qo‘shma ilmiy tadqiqotlar istiqbollarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Ma’lumot uchun: “Kelajak olimlari” loyihasi Rossiya Fan va oliy ta’lim vazirligi tashabbusi bilan, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi, Rossotrudnichestvo agentligi hamda “Nauka.rf” portali ko‘magida amalga oshirilmoqda. Loyiha tashkilotchisi esa A.S. Pushkin nomidagi Rossiya davlat rus tili instituti hisoblanadi.
Loyihaning barcha tadbirlarida ishtirok etish bepul.
Eng faol qatnashchilar tashkilotchilar tomonidan maxsus sovg‘alar bilan taqdirlanadilar.
To‘liq jadval va ro‘yxatdan o‘tish ma’lumotlari
loyiha saytida (https://science-future.ru/)
joylashtirilgan.