Ikkinchi qism: qo‘shma ta’lim dasturlari va imkoniyatlar
So‘ngra tomonlar qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qildilar. Jeonbuk milliy universiteti bir qator davlatlarda 3+1 va 2+2 shaklidagi dasturlarni amalga oshirayotgani, O‘zDJTU bilan esa 3+3 formatidagi qo‘shma ta’lim dasturini joriy etish yaxshi natija berishini bildirdi.
Mazkur dasturga ko‘ra, talabalar bakalavriat ta’lim yo‘nalishida 3 yil O‘zDJTUda, 1 yil Jeonbuk universitetida tahsil oladi. Bakalavr bosqichini muvaffaqiyatli yakunlagan talaba yana 2 yil davomida Jeonbuk universitetida magistraturada o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Talabalar o‘zlashtirishiga qarab grant asosida ham tahsil olishlari mumkin.
Ushbu dasturning afzalliklaridan biri shundaki, talabalar o‘qish davomida mutaxassisligini o‘zgartirishi, tildan tashqari iqtisodiyot, menejment, axborot texnologiyalari kabi yo‘nalishlarda ham ta’lim olishi va ikki diplomga ega bo‘lishi mumkin. Dastur bitiruvchilari xohlasa O‘zbekistonga mutaxassis sifatida qaytishi, istasa Koreya yoki boshqa davlatlardagi hamkor tashkilot va kompaniyalarda ish boshlashi mumkin.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelishilgan masalalar bo‘yicha memorandum va talabalar almashinuvi to‘g‘risida shartnoma imzolashga kelishib oldilar. Cho xonim oktyabr oyi oxirigacha 50 nafar talabaning ro‘yxatini yuborishni so‘radi.
Mehmonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi va ular Sharq filologiyasi fakulteti faoliyati bilan yaqindan tanishish uchun Zakovat ko‘chasidagi fakultet binosiga kuzatib qo‘yildi.