Koreya Respublikasi bilan hamkorlik rivojlanmoqda

2025-yil 3-oktyabr kuni Koreya Respublikasining Jeonbuk milliy universiteti prezidenti O-Bong Yang, xalqaro aloqalar bo‘yicha vitse-prezidenti Hwarim Cho va xalqaro masalalar bo‘yicha mas’ul xodimi Kim janoblari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

 

 

Mazkur uchrashuvda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetidan xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor O. Yusupov, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev, Sharq filologiyasi fakulteti dekani D. Jo‘rayev, Koreys tili kafedrasi mudiri S. Bobomurotova hamda koreys tili o‘qituvchisi I. Abdiyeva ishtirok etdilar.

A. Nasirov O‘zDJTU faoliyati, reytinglardagi o‘rinlari, koreys tilini o‘qitishda erishilayotgan yutuqlar hamda Koreya Respublikasi universitetlari va KOICA tashkiloti bilan olib borilayotgan hamkorlik haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, mehmonlarga universitet haqidagi videorolik namoyish etildi.

O. Yusupov esa universitetda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari va erishilayotgan natijalar haqida so‘zlab berdi.

Jeonbuk universiteti prezidenti 2026-yil mart oyidan O‘zDJTUning 50 nafar talabasi uchun bir semestr davomida o‘qish grantini ajratishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, yotoqxona uchun 900 AQSh dollari miqdoridagi to‘lovning 350 dollarini universitet hisobidan qoplashini ma’lum qildi. Talabalar esa aviabilet, viza va shaxsiy xarajatlarini o‘zlari qoplashi lozim. Talabalar uchun mashg‘ulotlardan keyin ishlash imkoniyati ham yaratiladi.

Bundan tashqari, Yang janoblari O‘zDJTU magistratura va doktorantura talabalari uchun ham grant ajratish masalasini ko‘rib chiqishini ta’kidladi.

 

 

Jeonbuk milliy universiteti vitse-prezidenti Cho xonim IELTS 7,5–8 yoki TOPIK 6 darajasiga ega O‘zDJTU talabalari bepul tahsil olishlari hamda 12 ta ixtisoslik bo‘yicha doktoranturada o‘qish imkoniyati mavjudligini bildirdi. Shuningdek, grantlar haqida to‘liq ma’lumot yuborilishini aytdi. A. Nasirovning iltimosiga ko‘ra, o‘qituvchilar uchun malaka oshirish kurslari tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi.

Ma’lumot uchun: Jeonbuk milliy universiteti Koreyaning TOP-10 taligiga kirgan milliy universitetlardan biri bo‘lib, xalqaro reytinglarda tibbiyot, veterinariya, farmakologiya, muhandislik, kosmonavtika, astronomiya, qishloq xo‘jaligi kabi fanlar bo‘yicha TOP-300 talikdan o‘rin olgan. Talabalar soni 28 ming nafarni tashkil etib, 2,5 mingdan ortiq professor-o‘qituvchilar dars beradi. Shuningdek, universitet ingliz, fransuz, ispan, arab, xitoy, yapon va boshqa tillar bo‘yicha ham kadrlar tayyorlaydi.

Universitetning 4 ta kampusi mavjud bo‘lib, umumiy yer maydoni 300 gektardan iborat. Uning tarkibida 15 ta kollej, 14 ta kasb-hunar va ixtisoslashgan maktab, laboratoriyalar hamda tadqiqot markazlari faoliyat yuritadi. 2023–2025-yillarda Jeonbuk universiteti tomonidan 932,3 milliard koreya voniga teng ilmiy tadqiqot loyihalari amalga oshirilgan.

Universitet prezidenti Yang janoblari Koreya milliy universitetlari, 40 ta yetakchi tibbiyot universitetlari va muhandislik sohasida kadrlar tayyorlovchi universitetlar assotsiatsiyalari raisi hisoblanadi. Jeonbuk universiteti nafaqat Koreyada, balki boshqa davlatlardagi Samsung, Hyundai kabi yirik kompaniyalar bilan hamkorlikda talabalar amaliyotini tashkil etish va ishga joylashtirish bo‘yicha shartnomalar imzolagan.

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube