22-sentabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov koreyalik xorijiy mutaxassis-o‘qituvchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda Sharq filologiyasi fakulteti Koreys filologiyasi kafedrasida faoliyat olib borayotgan xorijlik o‘qituvchilar – Yoon Dong Kyeon, Kim Kyung Ae, Ko Eun Hee, Na Sahm Il, Lee Ji Won, Yun Nan Ju, Na Jong Ib, Park Jeong Ju va Choi Seong-Hoon ishtirok etdilar. Shuningdek, universitet rahbariyati vakillaridan xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, Sharq filologiyasi fakulteti dekani D. Juxraev hamda Koreys filologiyasi kafedrasi mudiri S. Bobomurotova ham qatnashdilar.
Uchrashuv davomida rektor xorijlik o‘qituvchilarning yashash va yotoqxonadagi sharoitlari, ulardan qoniqishlari bilan qiziqdi. Suhbat chog‘ida mehmonlar O‘zDJTU talabalarining bilimga chanqoqligi va yoshlikdagi faolligi ularni hayratga solganini, Janubiy Koreyada esa bunday manzarani kam uchratishlarini ta’kidladilar.
Koreyalik o‘qituvchilar shuningdek:
“Bu yerda talabalar juda faol va bilim olishga intiluvchan. Ularning shijoati bizni quvontirdi. Shuningdek, men dekanni doimo ish ustida ko‘raman. U xonalarni aylanib, agar jihozlar yetishmasa, darhol choralar ko‘radi. Bu esa biz uchun katta e’tibor va g‘amxo‘rlikning belgisi”, — deya fikr bildirdilar hamda uchrashuv tashkillashtirilganiga minnatdorchilik izhor qildilar.
Mazkur uchrashuv universitetda xorijiy mutaxassislar uchun yaratilgan sharoitlarni yanada yaxshilash, talabalarning xorijiy tillarga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda hamkorlikdagi loyihalarni kengaytirishga xizmat qildi.