O‘zDJTUda “RealEnglish” va “EasyEnglish” kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2025-yil 9–10-oktyabr kunlari O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Britaniyaning RealEnglish kompaniyasi asoschisi va boshqaruvchi direktori Nayjel Killik hamda EasyEnglish kompaniyasi rahbari Yerbol Suleymenov bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zDJTU rektori I. Tuxtasinov, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor M. Chutpulatov, moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha prorektor M. Xamrayev, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev hamda bosh hisobchi X. Nazarov ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida tomonlar ingliz tilini o‘qitishda EasyEnglish mobil ilovasining imkoniyatlarini muhokama qildilar. Ushbu platforma orqali talabalar va o‘qituvchilar ingliz tilini istalgan vaqtda, istalgan joyda, turli darajalar bo‘yicha qulay va samarali tarzda o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi.
EasyEnglish kompaniyasi mazkur ilovani tijoriy asosda, ingliz tili ta’limi bo‘yicha yetakchi oliy ta’lim muassasasi hisoblangan O‘zDJTUga taqdim etish, aprobatsiya jarayonidan so‘ng esa uni respublikaning boshqa universitetlariga ham tavsiya etish rejalashtirilayotganini bildirdi.
Ilk uchrashuvda mobil ilovadan foydalanishning moliyaviy shartlari bo‘yicha takliflar tinglandi. Rektor I. Tuxtasinov ilovadan imtiyozli, arzonlashtirilgan narxlarda foydalanish imkoniyati uni O‘zbekistonda ommalashtirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
Ikkinchi uchrashuv davomida Nayjel Killik ilovani nisbatan maqbul narxda taqdim etishga tayyorligini bildirdi. Tomonlar dastur sinov jarayonidan so‘ng tegishli mutaxassislar bilan maslahatlashgan holda uni sotib olish, shuningdek to‘lov shartlari va muddatlari bo‘yicha kelishuvga erishganliklarini ma’lum qildilar.