Selçuk universiteti vakillarining tashrifi
2025-yil 12-noyabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Turkiyaning Selçuk universiteti vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Selçuk universiteti rektori prof. Hüseyin Yılmaz, xalqaro aloqalar bo‘yicha koordinatori prof. Recai Kus, Turizm fakulteti dekani prof. Bünyamin Ayhan, Aniq fanlar fakulteti professori prof. Mustafa Ersöz, prof. Mustafa Acarer va tibbiyot fakulteti dotsenti Farise Yılmaz ishtirok etdilar.
O‘zDJTU tomonidan rektor Ilxomjon Tuxtasinov, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i va qo‘shma ta’lim dasturlarini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i uchrashuvda qatnashdi.

Uchrashuv davomida quyidagi masalalar muhokama qilindi:
Xorijiy tillar, jurnalistika, xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar bakalavriat yo‘nalishlari bo‘yicha 3+1, magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 1+1 formatidagi qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, o‘quv reja va dasturlarni Evropa standartlariga moslashtirish.
Ilmiy-tadqiqotlar bo‘yicha hamkorlik, jumladan doktorantlar dissertatsiyasiga qo‘shma rahbarlik, Scopus bazasidagi jurnallarda maqola chop etish, konferensiyalar va seminarlar tashkil etish.
Qo‘shma malaka oshirish kurslari, talabalar uchun grantlar, stajirovka va yozgi maktablar tashkil etish.
Professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish: O‘zDJTU rus va xitoy tili o‘qituvchilarini Selçuk universitetiga yuborish, Selçuk universitetidan turk tili o‘qituvchilarini O‘zDJTUga taklif qilish.
Har ikki tomon o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyorligini ta’kidlab o‘tdi.
Ma’lumot uchun: Selçuk universiteti
• 1908-yilda pedagogika instituti sifatida tashkil etilgan, 1975-yilda universitet maqomiga ega bo‘lgan.
• QS xalqaro reytingida ilk 200 talikdan, Turkiyaning 208 ta universiteti orasida 20-o‘rinni egallaydi.
• 24 fakultet, 7 ilmiy-tadqiqot instituti, 5 institut va kasb-hunar maktablari mavjud.
• Talabalar soni 68 000 nafar, shulardan 2 100 nafar xorijiy talaba.
• 200 dan ortiq xorijiy universitetlar bilan xalqaro hamkorlik aloqalari mavjud.