Indoneziya Ta’lim akkreditatsiya kengashi ekspertlari O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga tashrif buyurdilar.
Universitet prorektorlari, fakultet dekanlari, boshqarma va bo‘lim boshliqlari ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda kengash a’zolariga Xorijiy til va adabiyot (ingliz tili) bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga taalluqli huquqiy-me’yoriy hujjatlar — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining farmoyish hamda qarorlari, sohaga oid nizomlar, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi buyruqlari, o‘quv reja va dasturlar, malaka talablari — atroflicha tanishtirildi va muhokama qilindi. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha taqdimot materiallari namoyish etildi, ekspertlar tomonidan bildirilgan savollarga batafsil javoblar berildi.
Tashrifning ikkinchi qismida baholovchi mutaxassislar universitetda faoliyat yuritayotgan markazlar, zamonaviy laboratoriyalar, Registrator ofisi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, test markazi va o‘quv auditoriyalarida bo‘lib, yakuniy imtihon jarayonlarini bevosita kuzatdilar.
Indoneziyalik mutaxassislar universitet infratuzilmasi, zamonaviy o‘quv muhiti va yaratilgan shart-sharoitlardan katta taassurot oldilar. Dastlabki kun yakunlari bo‘yicha ijobiy fikrlar bildirildi.
Mazkur tashrif doirasidagi baholash ishlari 3-iyun kuni davom ettiriladi hamda yakuniy natijalarga doir taqdimot o‘tkazilishi rejalashtirilgan.