23-may kuni A.S. Pushkin nomidagi Rus tili davlat institutida rektor Nikita Vladimirovich Gusev ishtirokida rus tilini o‘qitishdagi yutuqlar mavzusidagi, institut asoschisi V. Kostomarov faoliyatiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Rus filologiyasi fakulteti Rus tili va o‘qitish metodikasi kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori D. S. Qulmamatov ishtirok etdi hamda O‘zbekistonda, jumladan, universitetimizda zamonaviy rus tiliga oid muammolarni tadqiq qilish va uni o‘qitish borasida olib borilayotgan samarali faoliyat haqida anjuman ishtirokchilariga batafsil ma’lumot berdi. U o‘z ma’ruzasida respublikamiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan rus tili va adabiyotini o‘qitish, malakali soha mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida aytib o‘tdi.
Tadbir ishtirokchilari O‘zDJTU tomonidan pedagog kadrlarni tayyorlashda erishilgan yutuqlarni yuqori baholadi va kelgusidagi hamkorlik masalalari bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar.
Ma’lumot uchun: 2013-yildagi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Rahbarlari Kengashining qaroriga binoan A.S. Pushkin nomidagi Rus tili davlat institutiga rus tilini o‘qitish bo‘yicha MDH davlatlari tayanch tashkiloti maqomi berilgan. 2014-yildan buyon ushbu institut Rossiya Federatsiyasi hukumati huzuridagi Rus tili kengashi tashabbusi bilan rus tili va rus tilida ta’limni rivojlantirishda keng ko‘lamli davlat dasturini amalga oshirish bo‘yicha ilmiy, uslubiy va axborot-tahlil markazi vazifasini o‘tamoqda.