Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari o‘rganildi
26-sentabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov rahbariyat vakillari bilan birgalikda universitet talabalar turar joylarining qozonxonalarini ko‘zdan kechirdi. Tashrif davomida isitish tizimlari, texnik jihozlarning sozligi, xavfsizlik qoidalariga rioya etilishi hamda talabalar uchun qulay sharoitlarni ta’minlash masalalari atroflicha o‘rganildi.
Rektor qozonxonalarni kuz-qish mavsumiga sifatli va o‘z vaqtida tayyorlash zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va samaradorlikni oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Shuningdek, rektor 3-talabalar turar joyiga ham tashrif buyurib, bu yerda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Talabalar bilan suhbat chog‘ida ularning turar joydagi hayoti, ta’limdan tashqari faoliyatlari hamda qo‘shimcha qulayliklarga bo‘lgan ehtiyojlari yuzasidan fikr-mulohazalar tinglandi.