2025-yil 19-sentabr kuni Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) va Koreya xalqaro rivojlanish markazi (KIDC) vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi. 
 
Unda Koreya xalqaro rivojlanish markazi (KIDC) vakillari — loyiha menejeri Kim Bok Hi, hududiy menejerlar Kang Dong Yun va No Yunmi, mahalliy menejer Anvarjon Shomirzaev, shuningdek, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) Toshkent ofisi vakillari — direktor oʻrinbosari Kim Siyon, dastur menejeri Cha Juna, mahalliy koordinatori Shukurov Shukrullo hamda stajyor Park Junhyun ishtirok etdi. Universitet rahbariyati tomonidan rektor Ilxomjon Tuxtasinov, moliya-iqtisod ishlari boʻyicha prorektor M. Xamrayev, Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi X. Yuldashev, Sharq filologiyasi fakulteti dekani D. Djuraev va Ta’minot boʻlimi boshligʻi R. Xolmurodov qatnashdi.
 
Uchrashuv davomida KOICA tomonidan amalga oshirilayotgan “Koreys tili va madaniyatini oʻqitishni takomillashtirish boʻyicha volontyorlar loyihasi” ijrosi, Sharq filologiyasi fakultetida loyiha uchun ajratilgan xonalarni ta’mirlash va jihozlash masalalari hamda kelgusida amalga oshiriladigan rejalar muhokama qilindi.
 
Dastur avvalida rektor Ilxomjon Tuxtasinov mehmonlarni samimiy qutlab, KOICA Toshkent ofisi direktor oʻrinbosari lavozimiga tayinlangan Kim Siyon janobini tabrikladi. 
 
Shuningdek, loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Jumladan, 2,5 yil davomida 22 nafar koreys volontyori OʻzDJTUda koreys tili darslari olib bordi, shuningdek, taekvondo, milliy raqs, hattotlik va musiqa toʻgaraklari tashkil etildi. 2025-yil 4-sentabrdan boshlab esa navbatdagi 16 nafar volontyor Oʻzbekistonga kelib, qisqa moslashuv kursini yakunlaganidan soʻng oʻquv mashgʻulotlarini boshladi. Shuningdek, fakultet uchun ishlab chiqilgan interyer dizayni, tender hujjatlari va smetalar tayyorlanib, KOICA vakillariga taqdim etilgani qayd etildi. 
 
Yakunda rektor hamkorlik va koʻrsatilayotgan yordam uchun minnatdorchilik bildirib, loyiha yoshlarning koreys tili va madaniyatini oʻrganishiga, shuningdek, Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
 
   
Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube